Xalq qalbidan mangu joy olgan buyuk san’atkor xotirasiga yuksak ehtirom
2026-05-29 21:00:00 / Yangiliklar

Bugun Mirobod tumanida o‘zbek kino va teatr san’atining yorqin namoyandasi, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti O‘lmas Alixo‘jayev xonadoniga tashrif buyurildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Senati Raisi Tanzila Norboyeva tomonidan san’atkorning oila a’zolariga Prezidentimiz nomidan “Mehnat shuhrati” ordeni tantanali ravishda topshirildi.
Mazkur marosimda Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov, tuman IIOFMB boshlig‘i U.Nasriddinov, hokim o‘irnbosarlari, mahalla faollari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
O‘lmas Alixo‘jayev 1941-yilda Urganch shahrida tavallud topgan bo‘lib, umrini o‘zbek kino va teatr san’atiga baxsh etgan ulkan iste’dod egalaridan biri edi. U yaratgan betakror obrazlar, sahna va ekran orqali xalq qalbiga kirib borgan samimiy qahramonlar bugun ham millionlab muxlislar xotirasida yashab kelmoqda. San’atkorning serqirra ijodi, milliy madaniyatimiz va ma’naviyatimiz rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, san’atga bo‘lgan fidoyiligi va yuksak insoniy fazilatlari xalqimiz tomonidan doimo yuksak qadrlanadi.
Buyuk san’atkor 2015-yil 25-sentabr kuni vafot etgan bo‘lsa-da, uning porloq nomi va boy ijodiy merosi xalqimiz qalbida mangu yashaydi.
Tadbir davomida “Mehnat shuhrati” ordeni san’atkorning nabirasi Alixodjayev Otabek Boxodirovichga topshirildi hamda marhum aktyorning porloq xotirasi chuqur ehtirom bilan yod etildi.
Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, buyuk san’at va adabiyot namoyandalari xotirasini ardoqlash, ularning nomini abadiylashtirish yo‘lidagi ezgu an’analar izchil davom etmoqda.








