Hurmatli Mirobod tumani ahli, aziz vatandoshlar!
2026-05-26 22:00:00 / Yangiliklar

Tinchlik, mehr-oqibat va saxovat bayrami bo‘lgan ushbu qutlug‘ ayyom xalqimizning asrlar davomida sayqal topgan ezgu qadriyatlari, bag‘rikenglik va insonparvarlik fazilatlarini o‘zida mujassam etadi. Bugun yurtimizda inson qadri ulug‘lanib, xalq manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ham aynan ana shu ulug‘ g‘oyalar bilan hamohang tarzda davom etmoqda.
Qurbon hayiti arafasida Mirobod tumanida ham mahallalarimizni obod qilish, aholi xonadonlariga fayz va baraka ulashish, yordamga muhtoj insonlarga mehr va e’tibor ko‘rsatish borasida keng ko‘lamli xayrli ishlar amalga oshirildi. Hasharlar tashkil etilib, qabristonlar tartibga keltirildi, mahallalarda obodonlashtirish ishlari olib borildi.
Shuningdek, Prezidentimiz nomlaridan tayyorlangan bayram ehsonlari yakka yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan fuqarolar, ehtiyojmand oilalar va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan xonadonlarga yetkazildi. Ayniqsa, Vatan tinchligi va xalq osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan mard o‘g‘lonlarimiz oilalariga ko‘rsatilayotgan e’tibor xalqimizga xos yuksak insoniy fazilatlarning yorqin namunasidir.
Bugun Mirobodda har bir mahalla, har bir xonadonda Qurbon hayitining fayzi, mehr va saxovat muhiti sezilib turibdi. Eng muhimi, amalga oshirilayotgan barcha ezgu ishlar zamirida inson qadrini ulug‘lash, xalq dardiga quloq tutish va odamlarni rozi qilishdek olijanob maqsad mujassam.
Shu muborak kunlarda yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, oilalarimiz fayz-u barakasi bardavom bo‘lishini tilayman.
Alloh taolo el-yurtimizni o‘z panohida asrasin!
Qurbon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!
Anvar Sayfutdinov,
Mirobod tumani hokimi
