“Kelajak uchun xorijiy til” loyihasi doirasida o‘quv-seminar tashkil etildi
2026-05-22 16:10:00 / Yangiliklar

Ushbu loyiha doirasida dunyoning turli davlatlaridan malakali xorijiy mutaxassislar jalb qilinib, umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning ingliz tili bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar yo‘lga qo‘yildi.
Loyihaning asosiy maqsadi — davlat umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan 11-sinf o‘quvchilarining ingliz tilidagi kommunikativ ko‘nikmalarini qisqa vaqt ichida rivojlantirish, mavjud bilimlardagi bo‘shliqlarni bartaraf etish hamda til to‘sig‘ini yengishga ko‘maklashishdan iborat.
Bugun 22-may kuni tumandagi 31 va 263-sonli umumta’lim maktablarida mazkur loyiha doirasida o‘quv-seminar tashkil etildi. Seminarda respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan umumta’lim maktablari rahbarlari, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida mehmonlar maktablarda xorijiy tillarni samarali o‘qitish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy jihozlangan maxsus xonalar hamda o‘quv jarayonida qo‘llanilayotgan innovatsion yondashuvlar bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, maktab o‘quvchilari o‘rtasida qiziqarli bellashuv va musobaqalar tashkil etildi. Ularda xorijlik mutaxassislar ham faol ishtirok etib, o‘quvchilar bilan interaktiv mashg‘ulotlar o‘tkazdilar. Tadbir yakunida eng faol qatnashchilar munosib rag‘batlantirildi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.







