Mirobod tumani hokimi “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqasi ishtirokchilari bilan uchrashdi
2026-05-14 14:05:00 / Yangiliklar

“Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyida bo‘lib o‘tgan tadbirda Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov, tuman prokurori Bobur Abdullayev, tuman IIOFMB boshlig‘i U.Nasritdinov, harbiy xizmatchilar, mahalla faollari va yoshlar ishtirok etdi.
Mazkur musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosi doirasida o‘tkazilib, unda tumandagi mahallalardan shakllantirilgan jamoalar o‘zaro bellashdi.
Musobaqa dasturidan turnikda tortilish, o‘quv granatasini uzoqlikka uloqtirish, qisqa va uzoq masofalarga yugurish, AK-74 avtomatini qismlarga ajratish va yig‘ish hamda pnevmatik quroldan o‘q uzish kabi shartlar o‘rin oldi.
Tuman hokimi tadbir davomida so‘zga chiqib, yoshlarning har tomonlama barkamol, jismonan chiniqqan va Vatanga sadoqatli insonlar bo‘lib voyaga yetishi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim omillaridan biri ekanini ta’kidladi.
“Mamlakatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarning harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalanishi, ularning jasorat va qat’iyatini mustahkamlash barchamizning ustuvor vazifamizdir. ‘Shijoat va g‘ayrat’ musobaqasi yoshlarimizning salohiyatini namoyon etish va ularni yangi marralar sari ruhlantirishga xizmat qiladi”, — dedi tuman hokimi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar tantanali ravishda taqdirlandi.
🥇 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoaga velosiped, medal va diplom topshirildi. Shuningdek, ushbu jamoa musobaqaning Toshkent shahar bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi;
🥈 2-o‘rinni egallagan jamoa chang yutgich, medal va diplom bilan taqdirlandi;
🥉 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoaga termopot, medal va diplom topshirildi.
Shuningdek, g‘oliblarga keyingi bosqichlarda omad va muvaffaqiyatlar tilanib, yoshlarning shijoati, qat’iyati va vatanparvarlik ruhiga yuksak baho berildi.









