Mahallalar tinchligi va xavfsizligi yo‘lida yana bir muhim qadam
2026-05-12 20:45:00 / Yangiliklar

Bugun, 12-may kuni, tuman IIOFMB binosida Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov, tuman IIOFMB boshlig‘i Ulug‘bek Nasritdinov va tuman prokurori Bobur Abdullayev ishtirokida tumandagi 39 ta mahallada xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida davlat rahbari tomonidan ichki ishlar organlari faoliyatini raqamlashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish hamda profilaktika inspektorlari uchun munosib xizmat sharoitlarini yaratish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tuman hokimi Anvar Sayfutdinov o‘z so‘zida profilaktika inspektorlari mahallalar tinchligi, fuqarolar xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashda eng muhim bo‘g‘in ekanini ta’kidlab, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berilishini bildirdi.
Shu maqsadda Mirobod tumani hokimligi tomonidan profilaktika inspektorlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun zamonaviy kompyuterlar va yirik diametrli televizorlar topshirildi.
Shuningdek, har bir profilaktika inspektorining xizmat xonalarini bosqichma-bosqich namunaviy ko‘rinishga keltirish, ularni zamonaviy texnika va qulay jihozlar bilan ta’minlash ishlari izchil davom ettirilishi ma’lum qilindi.
Tadbir davomida inspektorlarga bildirilgan yuksak ishonchni oqlash, fuqarolarning muammolariga befarq bo‘lmaslik, xalq dardi bilan yashash va o‘z xizmat hududida yuksak obro‘-e’tibor qozonish orqali aholining davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash zarurligi alohida ta’kidlandi.
Mirobod tumanida mahallalar tinchligi, fuqarolar osoyishtaligi va jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida amaliy ishlar izchil davom etmoqda.









