Mirobod tumanida 11 ta oila “Ibratli oila” ko‘krak nishoniga munosib deb topildi
2026-05-12 16:45:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 2 sentyabrdagi qaroriga muvofiq, oila institutini mustahkamlash, oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan namunaviy oilalarni rag‘batlantirish maqsadida “Ibratli oila” ko‘krak nishoni ta’sis etilgan.
Mazkur ko‘krak nishoni bilan farovon va barqaror hayot tarzi, yuksak ma’naviy muhit va ibratli tajribasi bilan jamiyatda namuna bo‘layotgan oilalar taqdirlanadi.
Nomzodlarni saralash jarayonida oilalarning kitobxonlik an’analarini yo‘lga qo‘ygani, ilm-fan sohasidagi yutuqlari, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyaga olgani, sport va tadbirkorlikda erishgan natijalari kabi mezonlarga alohida e’tibor qaratildi.
Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Mirobod tumanida maxsus ishchi guruh tuzildi. Barcha mahallalarda mahalla raislari boshchiligida munosib nomzodlar o‘rganildi.
Natijada tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limiga 26 ta oila bo‘yicha hujjatlar taqdim etildi. Saralash yakunlariga ko‘ra, 2026 yilda Mirobod tumanidan 11 ta oila “Ibratli oila” ko‘krak nishoniga munosib deb topildi.
Mazkur ko‘krak nishoni sohiblari 15 may — Xalqaro oilalar kuni arafasida tantanali ravishda taqdirlanadi. Ularga bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti topshiriladi.
Shuningdek, taqdirlangan oilalar yashaydigan xonadonlar kirish qismiga “Ibratli oila” belgisi o‘rnatiladi.
Shuningdek, ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lgan oilalar yashaydigan xonadonlar kirish qismiga “Oilani mustahkamlashga qo‘shgan munosib hissasi uchun” degan faxrli belgi o‘rnatiladi — bu o‘z navbatida yurtimizda oila qadriyati qanday yuksak darajada ulug‘lanayotganining yorqin ifodasidir.
“Ibratli oila” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lgan oilalarni chin dildan muborakbod etamiz. Ularning hayot yo‘li, oilaviy muhiti va farzand tarbiyasidagi ibratli tajribasi yosh avlod uchun munosib namuna bo‘lib xizmat qiladi.
