Sport maktabidagi o‘zgarishlar rahbarlar e’tiborida
2026-05-12 12:30:00 / Yangiliklar
Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov hamda tuman prokurori Bobur Abdullayev Mirobod tumani 2-sonli sport maktabiga tashrif buyurib, yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, mashg‘ulot jarayonlari va sportchilarning erishgan natijalari bilan yaqindan tanishdilar.

Bugungi kunda sport maktabida 43 nafar tajribali va malakali trener faoliyat yuritmoqda. Ularning 13 nafari oliy toifali, 6 nafari birinchi toifali, 2 nafari ikkinchi toifali mutaxassislardir. Ular rahbarligida 1211 nafar yosh sportchi, jumladan 848 nafar o‘g‘il bola va 363 nafar qiz bola sportning 18 ta yo‘nalishi bo‘yicha muntazam shug‘ullanib kelmoqda.
Sportchilarimiz safida 3 nafar xalqaro toifadagi sport ustasi, 34 nafar O‘zbekiston sport ustasi va 750 nafar ommaviy razryad sohiblari bor. Shuningdek, milliy terma jamoalarning asosiy tarkibida 82 nafar, zaxira tarkibida esa 34 nafar sportchimiz faoliyat olib bormoqda.
2025 yil sport maktabi uchun alohida muvaffaqiyatlarga boy bo‘ldi. Jahon, Osiyo va respublika miqyosidagi musobaqalarda jami 508 ta medal qo‘lga kiritildi. Jumladan, Jahon chempionati va kuboklarida 28 ta, Osiyo chempionati va kuboklarida 9 ta, Yoshlar Osiyo o‘yinlarida 1 ta, Yoshlar Paralimpiya o‘yinlarida 3 ta, Islom birdamlik o‘yinlarida 3 ta hamda O‘zbekiston chempionati va kuboklarida 454 ta medal qo‘lga kiritildi.
Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston Prezident Olimpiada cho‘qqilari” musobaqasida sport maktabi vakillari 7 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, Toshkent shahri jamoasining umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallashiga munosib hissa qo‘shdilar.
Ushbu yuqori natijalar asosida Mirobod tumani 2-sonli sport maktabi 2025 yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekistondagi sport maktablari reytingida 1-o‘rinni egalladi. Maktab trenerlari va sportchilarining fidokorona mehnati natijasida Jahon va Osiyo arenalarida 13 marotaba davlat bayrog‘imiz baland ko‘tarilib, milliy madhiyamiz yangradi.
2026 yil ham sportchilarimiz uchun omadli boshlandi. Taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida sport maktabi sportchisi Xolmurotov Shohjahon faxrli 3-o‘rinni egalladi.
➡️ Tashrif davomida tuman rahbarlari sport maktabida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berib, yoshlarni sportga keng jalb etish, mavjud infratuzilmani yanada yaxshilash va yangi yutuqlarga erishish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bildirdilar.





