9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tuman ahliga bayram tabrigi
2026-05-09 09:55:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum, qadrli mirobodliklar!
Siz azizlarni 9-may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Buyuk G‘alabaning 81 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Bu qutlug‘ sana – Vatan ozodligi va xalqimizning tinch va osoyishta hayoti yo‘lida jonini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasiga chuqur hurmat bajo keltiradigan, bugungi dorilamon kunlarimizning qadriga yetishga undaydigan ulug‘ ayyomdir.
Bugun biz Ikkinchi jahon urushida mardlik va jasorat ko‘rsatgan ota-bobolarimizni, front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizni, shuningdek, mustaqillik yillarida yurtimiz tinchligi va sarhadlar daxlsizligini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining porloq xotirasini chuqur ehtirom bilan yod etamiz.
Hurmatli faxriylar!
Sizlarning mashaqqatli hayot yo‘lingiz, Vatan oldidagi fidokorona xizmatlaringiz va mehnatingiz biz uchun jasorat va matonat maktabidir. Sizlarning hayotingiz, sabr-toqatingiz va Vatanga sadoqatingiz yosh avlod uchun yuksak ibratdir.
Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Mirobod tumanida urush va mehnat faxriylari, keksa avlod vakillari hamda yolg‘iz yashovchi nuroniylar holidan xabar olinib, ularning xonadonlarida obodonlashtirish va hashar ishlari tashkil etildi. Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Shuningdek, tumanimizdagi ta’lim muassasalari va mahallalarda “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlari o‘tkazilib, faxriylar, mehnat veteranlari va yoshlar o‘rtasida samimiy muloqotlar tashkil etildi. Ushbu uchrashuvlarda urush yillaridagi mashaqqatlar, tinchlikning bebaho ne’mat ekani va Vatanga sadoqat kabi yuksak qadriyatlar yosh avlod qalbiga chuqur singdirildi.
Bu ezgu tadbirlar xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat, insonparvarlik va avlodlar davomiyligining yorqin ifodasidir.
Aziz yurtdoshlar!
Bugungi tahlikali davr barchamizdan tinchlik va barqarorlikning qadriga yetishni, yurtimizdagi totuvlik va hamjihatlikni asrab-avaylashni talab etmoqda.
Yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy g‘urur va ajdodlarimizga munosib bo‘lish ruhida tarbiyalash eng muhim vazifalarimizdan biridir.
Ishonchim komil, Mirobod tumanining mehnatkash va fidoyi aholisi o‘zining birdamligi, bunyodkorligi va ezgu ishlari bilan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishda davom etadi.
Sizlarni ushbu muborak bayram bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka, yurtimizga esa doimo tinchlik va farovonlik tilayman.
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
