Mirobod tumani hokimi va prokurori 294-maktabda yoshlar bilan uchrashdilar
2026-05-07 18:10:00 / Yangiliklar

Suhbat davomida mamlakatimizda davlat rahbarining oqilona siyosati tufayli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish va zamonaviy bilim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani alohida ta’kidlandi.
“Bugun Yangi O‘zbekistonda siz yoshlar uchun sifatli ta’lim olish, zamonaviy kasb egallash va kelajakda muvaffaqiyatli faoliyat yuritish uchun barcha imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilgan. Har biringiz o‘z qiziqishingiz va intilishingizga mos yo‘lni tanlash imkoniyatiga egasiz. Eng muhimi — bilimli, izlanuvchan va maqsadli bo‘lishdir. Ana shunda siz nafaqat munosib va yuqori daromadli ishga ega bo‘lasiz, balki jamiyatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassis bo‘lib yetishasizlar”, — deya ta’kidladi tuman hokimi.
Shuningdek, bitiruvchilarning bugundanoq o‘z oldilariga aniq maqsad qo‘yib, kelajak kasbini tanlashga jiddiy yondashayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
“Men sizlarni baxtli, bilimli va o‘z hayotida muvaffaqiyatga erishgan insonlar sifatida ko‘rishni istayman. Bu — barchamizning mehnatimiz samarasidir”, — deya ta’kidladi Anvar Sayfutdinov.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqotda yoshlarning orzu-intilishlari, kelajak rejalari, kasb tanlovi hamda ta’lim sohasidagi maqsadlari haqida fikr almashildi.
Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olib, hayotda munosib o‘rin egallash yo‘lida muhim tavsiya va motivatsiyalarga ega bo‘lishdi.
Uchrashuv davomida bugungi kunda butun dunyo diqqat markazida bo‘lgan sun’iy intellekt va IT sohasi mavzulariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
O‘quvchilarning aksariyati kelajagini IT sohasi bilan bog‘lashni rejalashtirayotganini bildirishdi. Shu munosabat bilan hokim yoshlarga promt-injiniring asoslarini puxta egallash, zamonaviy texnologiyalar va raqamli ko‘nikmalarni chuqur o‘rganish bo‘yicha muhim tavsiyalar berdi.
“Zamonaviy ta’limning asosiy vazifasi — faqat bilim berish emas, balki o‘quvchilarni kelajakda raqobatbardosh qiladigan amaliy ko‘nikmalar bilan qurollantirishdir. Kelajak texnologiyalari allaqachon hayotimizga kirib kelgan. Bizning vazifamiz — sizlarni ularning oddiy foydalanuvchisi emas, balki yaratuvchisi va egasiga aylantirishdir”, — deya xulosa qildi tuman hokimi.
Uchrashuv yakunida xorijiy tillarni mukammal o‘zlashtirib, xalqaro til sertifikatlarini qo‘lga kiritgan bir guruh iqtidorli o‘quvchilar munosib taqdirlandi.
Ularning erishgan yutuqlari e’tirof etilib, kelgusidagi o‘qish va faoliyatlarida ulkan zafarlar tilab qolindi.









