RASMIY MUNOSABAT
2026-05-07 17:00:00 / Yangiliklar

Mazkur turar joy 1985 yilda qurilgan bo‘lib, poytaxtning o‘ziga xos arxitektura yechimlariga ega inshootlaridan biri hisoblanadi. Uy 16 qavatli bo‘lib, 120 ta xonadondan iborat. Bugungi kunda uyning texnik holati doimiy nazoratda saqlanmoqda.
Maqolada keltirilgan ayrim muammolar asosan avvalgi yillarda, xususan 2020 yilgacha kuzatilgan bo‘lib, o‘sha davrda uyga xizmat ko‘rsatgan tashkilot tomonidan muhandislik kommunikatsiyalari va umumiy foydalanish hududlariga yetarlicha e’tibor qaratilmagan. Natijada ayrim texnik nosozliklar, isitish tizimidagi muammolar va qarzdorliklar yuzaga kelgan.
Shundan so‘ng uyning faol mulkdorlari tashabbusi bilan “Jemchug-77” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tashkil etildi hamda uy boshqaruvi aholi ishtirokida tizimli yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda uyda muhandislik tarmoqlari bosqichma-bosqich yangilangan, isitish tizimi to‘liq soz holatga keltirilgan, tom qismi ta’mirlangan va tomdan chakki o‘tish holatlari bartaraf etilgan.
Shuningdek, kirish yo‘laklari ta’mirlanib, domofonli eshiklar va videokuzatuv kameralari o‘rnatildi. Tuman hokimligi tomonidan fasad qismi yangilandi. Toshkent shahar hokimligining maxsus dasturi asosida uydagi barcha liftlar zamonaviy liftlarga almashtirildi. Hozirgi kunda 24/7 rejimida ishlovchi dispetcherlik xizmati faoliyat yuritmoqda.
Uyning arxitekturasi, seysmik barqarorligi va o‘ziga xos yechimi sababli mahalliy va xorijiy sayyohlar hamda arxitektura ixlosmandlarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Biroq uy, avvalo, aholi yashaydigan turar joy ekani inobatga olinib, fuqarolar tinchligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida kirish-nazorat tartiblari kuchaytirilgan.
Shu bilan birga, ayrim manbalarda keltirilgan uyni boshqaruv kompaniyasiga majburiy o‘tkazish haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilamiz. Bugungi kunda “Jemchug-77” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati faoliyatini davom ettirmoqda va uy mulkdorlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Hozirda uyda yashovchilar uchun munosib va xavfsiz yashash sharoitini ta’minlash, inshootning arxitekturaviy qiyofasini asrab-avaylash hamda uning turistik jozibadorligini saqlab qolish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.
