“Uch avlod uchrashuvi” – avlodlar vorisligi va xotiraga ehtirom timsoli
2026-05-01 14:40:00 / Yangiliklar

Tadbirda ta’lim sohasida uzoq yillar samarali mehnat qilgan faxriy ustozlar hamda tumanda yashovchi faol nuroniylar ishtirok etdi. Uch avlod vakillarini bir maydonda jamlagan mazkur uchrashuv mehr-oqibat, ustozga ehtirom va avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlikni yanada mustahkamladi.
Davra suhbatini Mirobod tumani “Nuroniy” jamg‘armasi bo‘limi raisi, tuman Xalq deputatlari Kengashi raisi X. Qayumov kirish so‘zi bilan ochib, tadbirning mazmun-mohiyati va tarbiyaviy ahamiyati haqida to‘xtaldi. U 9 may – Xotira va qadrlash kunining mazmun-mohiyati, Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimizning ko‘rsatgan matonati va jasorati haqida fikr yuritib, yosh avlodga tarix saboqlarini anglash muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, fashizm ustidan qozonilgan buyuk g‘alabaga xalqimiz qo‘shgan munosib hissa, urush va mehnat fronti qatnashchilariga bo‘lgan ehtirom, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari xotirasini abadiy e’zozlash masalalariga alohida urg‘u berildi.
Tadbirda bugungi tinch va farovon hayotimiz osoyishtalik va barqarorlik samarasi ekani, Vatan ozodligi va xalq osoyishtaligi yo‘lida jonini fido qilgan ajdodlar xotirasiga munosib bo‘lish har bir yoshning muqaddas burchi ekani ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa, ustoz va murabbiylarga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ularning mehnatini munosib qadrlash va rag‘batlantirish borasidagi ishlar xususida ham fikr almashdilar.
Tadbirning eng ta’sirli lahzalari yoshlar tomonidan ustozlarga bag‘ishlab aytilgan samimiy tilaklar, she’rlar va ehtirom ifodalari bo‘ldi. Bu chiqishlar barcha ishtirokchilar qalbida iliq taassurot qoldirdi.
Shuningdek, tadbir doirasida “O‘zbekiston Ikkinchi jahon urushi yillarida” nomli kitob taqdimoti ham o‘tkazilib, ishtirokchilarga tarixiy xotirani asrash va ajdodlar merosini qadrlashning ahamiyati yana bir bor eslatildi.








