Mirobodda migrasiyadagi yoshlar bilan mazmunli muloqot
2026-04-16 11:30:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi sifatida joylarda tashkil etilayotgan ochiq muloqotlar ularning orzu-intilishlari, taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu nuqtai nazardan, bugun, 16 aprel kuni, Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov hamda tuman prokurori Bobur Abdullayev ishtirokida xorijiy davlatlarda ta’lim olayotgan va mehnat faoliyatini olib borayotgan yoshlar bilan onlayn ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuvda tuman hokimining o‘rinbosari S. Saidxanov, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Y. Kamalov, O'zbekiston mahallalari uyushmasi Mirobod tumani bo‘limi boshlig‘i M. Axmadjanov, mahallalardagi yoshlar yetakchilari qatnashdilar.
Muloqot davomida tuman rahbari tomonidan xorijda faoliyat yuritayotgan yoshlarning taklif va murojaatlari, ish sharoitlari, mehnatga haq to‘lash tizimi hamda ularni qiziqtirayotgan dolzarb masalalar atroflicha va samimiy ruhda tinglandi.
Ayniqsa, Malayziya, Singapur, Germaniya, Turkiya va Ozarbayjon davlatlarida tahsil olayotgan yoshlar faol ishtirok etib, o‘z bilim va tajribalari, reja va maqsadlari bilan o‘rtoqlashdilar.
E’tiborli jihati shundaki, Mirobod yoshlari bugungi kunda arxitektura, petrolium injiniring, tibbiyot, biznes boshqaruvi kabi zamonaviy va yuqori talabga ega yo‘nalishlarda tahsil olib, o‘z bilim va salohiyatini xalqaro maydonda namoyon etmoqda. Ular muloqot davomida nafaqat o‘z takliflari, balki bilimga chanqoqligi, keng dunyoqarashi, chet tillarini puxta egallagani bilan ham ajralib turdilar.
Tuman hokimi Anvar Sayfutdinov o‘z so‘zida yoshlarga qarata shunday ta’kidladi: “Sizlar – Yangi O‘zbekistonning tayanchi, ertangi kunning hal qiluvchi kuchisiz. Qaysi yurtda bo‘lishingizdan qat’i nazar, sizlarning bilimingiz, tajribangiz va vatanparvarlik tuyg‘ularingiz yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qilishiga ishonamiz. Biz esa sizlar uchun munosib shart-sharoit yaratish, yurtga qaytib o‘z o‘rningizni topishingizda barcha imkoniyatlarni safarbar etamiz.”
Tuman prokurori Bobur Abdullaev yoshlarga murojaat qilib, ularning xorijdagi faoliyatida qonuniylik va shaxsiy mas’uliyat muhim o‘rin tutishini ta’kidladi: “Sizlar qaerda bo‘lishingizdan qat’i nazar, avvalo, O‘zbekistonning munosib vakilisiz. Har bir xatti-harakatingiz orqali yurtimiz sha’ni va obro‘si namoyon bo‘ladi. Shu bois, qonunlarga qat’iy rioya qilish, huquq va majburiyatlaringizni chuqur anglash, o‘z manfaatlaringizni qonuniy yo‘llar bilan himoya qilish ustuvor ahamiyatga ega. Davlatimiz esa sizlarning huquqiy himoyangizni ta’minlashda doimo yoningizda bo‘ladi.”
Muloqot yakunida yoshlar tomonidan bildirilgan barcha taklif va muammolar tizimli ravishda o‘rganilib, ularni hal etish yuzasidan mas’ul tashkilot va mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Bu kabi ochiq va samimiy muloqotlar nafaqat yoshlarni ruhlantiradi, balki ularda Vatanga daxldorlik, mas’uliyat va faxr tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydi.
Mirobod yoshlarining bilimga intiluvchanligi, keng fikrlashi va yuksak maqsadlari esa tumanning kelajagi uchun mustahkam poydevor ekanini yana bir bor namoyon etdi.








