M.V. Lomonosov nomidagi MDU Toshkent filiali 20 yoshda: ilm-fan, tajriba va muloqot maydoni
2026-03-28 11:30:00 / Yangiliklar

Mazkur universitetda tafakkuri keng, dunyoqarashi yuksak, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lishni maqsad qilgan talaba-yoshlarga zamon talablari asosida bilim berish, ularning izlanish va tadqiqot olib borishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda oliy ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor ham aynan bilimli va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 24 fevraldagi 290-sonli qarori asosida tashkil etilgan mazkur filial dastlab “Amaliy matematika va informatika” hamda “Psixologiya” yo‘nalishlari bo‘yicha har yili 80 nafar talabani qabul qilgan bo‘lsa, bugungi kunda amaliy matematika va informatika, psixologiya, menejment, filologiya, reklama va jamoatchilik bilan aloqalar, shuningdek pedagogik ta’lim yo‘nalishlarida bakalavriat va magistratura bosqichlarida 1000 nafardan ziyod talaba tahsil olmoqda.
2025–2026 o‘quv yilidan boshlab yangi “Siyosatshunoslik” mutaxassisligi bo‘yicha magistratura yo‘nalishi ochilib, unga 21 nafar talaba qabul qilindi. Bu esa ta’lim yo‘nalishlari yanada kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Filialda ta’lim sifatiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Professor-o‘qituvchilar tarkibining salmoqli qismini M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetidan tashrif buyuruvchi malakali mutaxassislar tashkil etadi va o‘quv jarayoni universitetning ta’lim standartlari asosida yo‘lga qo‘yilgan.
Yubiley tadbirlari doirasida Rossiya Federatsiyasi davlat va jamoat arbobi Vladimir Ivanovich Yakunin ishtirokida magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Uchrashuv davomida V.I.Yakunin o‘zining davlat boshqaruvi, xalqaro munosabatlar va ijtimoiy faoliyat sohasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi, yoshlarni izlanishdan to‘xtamaslikka va global fikrlashga chaqirdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
Shuningdek, tadbirlar doirasida dolzarb mavzularga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya ham tashkil etilib, unda professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdi. Mazkur anjuman ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash, ilmiy fikr almashish hamda yangi g‘oyalarni ilgari surishda muhim ahamiyat kasb etdi.
O‘tgan 20 yil davomida 1500 nafardan ziyod bitiruvchilar MDUning bakalavrlik va magistrlik diplomlarini qo‘lga kiritdilar. Filial faoliyatiga doimiy e’tibor qaratib kelayotgan MDU rektori, akademik Viktor Sadovnichiy bir necha bor tashrif buyurib, oliygohda yaratilgan shart-sharoitlar va ilmiy-o‘quv jarayonlari bilan tanishgan.
Yubiley munosabati bilan universitetda, shuningdek, "Navro‘z" sayli ham ko‘tarinki ruhda nishonlandi. An’anaviy osh pishirilib, mehmonlar uchun bayramona dasturxon yozildi. Sumalak sayli, milliy qo‘shiq va raqslar hamda madaniy chiqishlar bayramga yanada fayz bag‘ishladi.
Shubhasiz, oliygohda amalga oshirilayotgan ilmiy, o‘quv va ma’naviy ishlar yuksak samaradorlikka xizmat qilib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan, maqsad sari intilayotgan yoshlar kamolotiga mustahkam zamin yaratmoqda.









