Kelajak bilan muloqot: Mirobod tumani hokimi va prokurori yoshlar bilan uchrashdi
2026-03-05 11:40:00 / Yangiliklar

Uchrashuvni tuman hokimi Anvar Sayfutdinov va tuman prokurori Bobur Abdullayev o‘tkazdi. Muloqotning asosiy maqsadi — yoshlarning muammolarini eshitish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va masalalarni orqaga surmasdan hal etishdan iborat.
Tashabbusga tashabbus
Uchrashuvni ochar ekan, tuman hokimi mahallalardagi yoshlar yetakchilariga murojaat qildi. Joylardagi yoshlar yetakchilari tashabbus bilan chiqib, yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etishi ahamiyatiga urg‘u berildi. Hokimning ta’kidlashicha, bunday uchrashuvlar yoshlar orasidagi dolzarb muammolarni aniqlash va ularni hal etish bo‘yicha amaliy tashabbuslar bilan chiqishga xizmat qiladi.
"Ish doimiy ravishda jadal bo‘lishi uchun joylarda sizlarning tashabbusingiz zarur", — dedi Anvar Sayfutdinov.
O‘z navbatida, tuman prokurori Bobur Abdullayev yoshlarni ochiq muloqotga chaqirdi:
"Murojaat qilishdan qo‘rqmang, muammolaringizni ochiq ayting. Biz bu yerda sizlarning huquqlaringizni himoya qilish va yordam berish uchun yig‘ilganmiz".
Muloqot ochiq va samarali o‘tdi. Har bir ishtirokchi o‘z fikrini bildirish imkoniga ega bo‘ldi.
Biznes uchun muqobil moliyalashtirish
Yoshlardan biri o‘z biznesini ochish istagi borligini, ammo an’anaviy kredit olishni istamasligini bildirdi. Tuman hokimi unga muqobil moliyaviy instrumentlar haqida, xususan, bugungi kunda O‘zbekistondagi ayrim banklar tomonidan taklif etilayotgan "murabaha" bitimi haqida tushuntirib o‘tdi. Yosh yigitga shartlarni o‘rganib, puxta qaror qabul qilish uchun vaqt berildi.
Milena uchun sport to‘garagiga yo‘llanma
“Baynalminal” mahallasida yashovchi 17 yoshli Milena avval boks bilan shug‘ullanishni istashini bildirgan va hozir hokimiyat ko‘magi orqali sport bilan shug‘ullanib kelmoqda. Endi u kelajakda sartaroshlik kasbini ham o‘rganishni rejalashtirmoqda. Yoshi hisobga olinib, unga eng maqbul reja taklif qilindi: hozircha sport bilan shug‘ullanishni davom ettiradi, 18 yoshga to‘lgach esa istagan kasbiy kurslarda ta’lim olishi mumkin. Bu esa Milena uchun kelajakka ishonch bilan qadam tashlashga zamin yaratadi.
Sharaf va burch
“Mirobod” mahallasida yashovchi David hokim bilan uchrashuvga hayotidagi muhim o‘zgarish haqida aytgani kelgan ekan. Muloqot davomida u Vatan oldidagi burchini ado etish uchun tez orada armiyaga xizmatga borishini bildirdi.
"Bu mening shaxsiy tanlovim", — dedi faxr bilan David.
Noto‘g‘ri yo‘ldan to‘g‘ri yo‘lga
“Birodarlik” mahallasida yashovchi Aleksandr, probatsiyada ro‘yxatda turishiga qaramasdan, hayotda o‘z yo‘lini topa oldi. U manual terapiyani o‘rganib, hozirda noan’anaviy tibbiyot bilan shug‘ullanmoqda. O‘ziga berilgan imkoniyat tufayli, u o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarib, qonuniy va munosib kasb egasi bo‘ldi.
Mirobod uchun boks maktabi
“Lolazor” mahallasida yashovchi vaqtincha ishsiz professional bokschi Ravzaxonning hikoyasi alohida e’tiborga sazovor. Ravzaxon hokimga mashhur chempion Bahodir Jalolov singari o‘z boks maktabini ochish orzusida ekanligini aytdi.
Hokim bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi: sportchiga tumandagi maktablardan biri bazasida sport zali ajratiladi. Yaqin vaqtlarda poytaxtning eng sportsevar tumanlaridan biri - Mirobodda yana bir professional sport maskani paydo bo‘ladi.
Startaplar davlat qo‘llab-qo‘vvatlovi ostida: g‘oyadan venchurgacha
Uchrashuvda Vestminster litseyi talabasi Abdurasul Rasulov ham ishtirok etdi. U Yoshlar ishlari agentligi nomidan yoshlarning biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan "Startapni noldan qanday qurish mumkin" loyihasini taqdim qildi.
Dasturga ko‘ra, har oyda tashabbuskor yoshlar bilan to‘rtta uchrashuv o‘tkaziladi, eng yaxshi o‘nta biznes-loyiha tanlab olinadi va ularga Yoshlar Ventures jamg‘armasi tomonidan grant mablag‘lari ajratiladi.
"Yoshlar Ventures — bu g'oyasi bor, lekin tayyor mahsuloti hali yo'q bo'lgan yoshlar uchun ochilgan fond. Biz sizni eshitamiz, qo'llaymiz va hukumat hamda investorlar va soha mutaxassislarini siz bilan bog'laymiz", — dedi Abdurasul.
Barcha ishtirokchilar uchun ta’lim mutlaqo bepul bo‘ladi. Abdurasul hokimdan boshlang‘ich bosqichda faqat uchrashuvlar o‘tkazish uchun maydon topish va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda ko‘mak so‘radi.
Anvar Sayfutdinov ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, bu loyiha yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun juda muhim ekanini ta’kidladi. Hokimiyat uchrashuvlar uchun maydon ajratib beradi, shuningdek ta’lim muassasalari va mutaxassislar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda ham yordam ko‘rsatadi. Shu bilan birga, loyihaga imkoni boricha ko‘proq faol yoshlarni jalb etish uchun tashkiliy qo‘llab-quvvatlash ham ta’minlanadi.
Xulosa
Samarali muloqot shuni ko‘rsatdiki, Mirobod tumanidagi «Yoshlar kuni» yoshlar muammolarini hal qilishda ta’sirchan mexanizmga aylanmoqda. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qisqa muddatli rejalar va «yo‘l xaritalari» ishlab chiqildi.
Bu esa bildirilgan har bir g‘oyaning hayotga tatbiq etilishiga zamin yaratadi. Yoshlar bilan ishlash davom etmoqda va u yangi bosqichga — jonli ishtirok va aniq amaliy harakatlar bosqichiga ko‘tarilmoqda.








