Ramazon — mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi
2026-02-28 15:45:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan muborak Ramazon oyida Toshkent shahrida og‘ir jarrohlik amaliyotiga muhtoj fuqarolarga vaucherlar topshirilmoqda. Bu xayrli tashabbus mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, mehr-oqibat va saxovat tamoyillarini amalda namoyon etishning yorqin misolidir.

Mirobod tumani “Tolariq” mahallasida istiqomat qiluvchi Raximova Jasminaning Respublika ixtisoslashtirilgan LOR ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolanishi bilan bog‘lik xarajatlari “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan qoplab berildi.
Har bir topshirilayotgan vaucher ortida bir insonning sog‘ayish orzusi, bir oilaning quvonchi va kelajakka bo‘lgan ishonchi mujassam. Jarayonlar shaffof va adolat tamoyillari asosida tashkil etilib, haqiqatan ham tibbiy yordamga muhtoj fuqarolar qamrab olinmoqda.
Ramazon oyida mehr, e’tibor va insonparvarlik ustuvor bo‘lgan jamiyatda inson qadri yanada yuksaladi. Bu ezgu amallar xalqimiz birdamligini mustahkamlab, muborak oyning fayzu barakasini har bir xonadonga olib kiradi.





