“Eng yaxshi ijtimoiy loyihalar” tanlovining tuman bosqichi o‘tkazilmoqda
2026-02-25 12:45:00 / Yangiliklar

Prezidentimizning “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartib-taomillarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 17-sonli Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Sahovat va ko‘mak” jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 462-sonli qaroriga asosan Mirobod tumanida yashovchi xotin-qizlarning bandligi va ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Eng yaxshi ijtimoiy loyihalar” tanlovi tashkil etilgan edi.
Tanlov maqsadi xotin-qizlar orasida tadbirkorlik, sport, san’at va madaniy faoliyatni rivojlantirish orqali ularning iqtisodiy mustaqilligini oshirishdan iborat.
Ta’kidlash joizki, shu kungacha, tanlovning mahalla bosqichida “mahalla yettiligi” tomonidan saralangan loyihalar bayonnoma bilan rasmiylashtirilib, xotin-qizlar faoli tomonidan tuman hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i F.Madaminova rahbarligidagi komissiyaga taqdim etildi.
Xususan, bugun, 25-fevral kuni, mazkur komissiya a’zolari tomonidan loyihalar belgilangan mezonlar asosida ko‘rib chiqilmoqda. Eng yaxshi, barcha mezonlarga javob beradigan loyihalar tuman bosqichida g‘olib deb topiladi.
Tanlov g‘oliblari ro‘yxati 8-mart – Xotin-qizlar kuni arafasida Mirobod tumani hokimligi matbuot xizmati tomonidan e’lon qilinadi.
Tanlov jarayonida loyihalarni saralash va baholash tizimi qat’iy mezonlarga asoslangan bo‘lib, har bir loyiha resurslar, jamoatchilik manfaatlari, dolzarblik va ijodiy yondashuv nuqtai nazaridan baholanadi.
Shu tariqa, tanlov nafaqat eng yaxshi g‘oyalarni aniqlashga, balki mahallalar darajasida xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish va ular uchun barqaror ish o‘rinlari yaratishga ham xizmat qiladi.








