Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Transport universiteti talabalari bilan uchrashdi
2026-02-19 14:10:00 / Yangiliklar

Tadbir tumanimizdagi Toshkent davlat transport universitetida bo‘lib o‘tdi.
“Qalqon” — yoshlar xavfsizligi yo‘lida ibratli tashabbus
Tadbir avvalida universitetda faoliyat yuritayotgan “Qalqon” guruhi faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
Mazkur guruh talaba yoshlardan tashkil topgan bo‘lib, ularning xavfsizligi, huquqiy madaniyati va farovonligini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirib kelmoqda.
Xususan, “Qalqon” a’zolari talabalarni yotoqxona va ijara uylariga joylashtirishda amaliy ko‘mak ko‘rsatmoqda, ota-onalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan holda yoshlar uchun xavfsiz va nazorat ostidagi sharoit yaratishga hissa qo‘shmoqda. Shuningdek, universitet hasharlari, ichki tartib-intizom va jamoat xavfsizligini ta’minlash ishlarida faol ishtirok etmoqda.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari “Qalqon” guruhi faoliyatiga yuqori baho berib, bu tashabbus profilaktikaning eng samarali va ta’sirchan shakllaridan biri ekanini ta’kidladi.
Yoshlarning o‘zi xavfsizlik va tartib masalalarida faol bo‘lishi — jamiyatda ishonchli va barqaror muhit shakllanishining muhim omili ekani, “Qalqon” tajribasi boshqa ta’lim muassasalari uchun ham ibratli namuna ekani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuv yoshlar o‘rtasida profilaktika va xavfsizlikka oid boshqa masalalar muhokamasi bilan davom etdi.








