“Ayollar daftari” 7-bosqich xatlov ishlari boshlanmoqda
2026-02-09 10:25:00 / Yangiliklar

Jamiyatda xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, salomatligini muhofaza qilish va iqtisodiy faolligini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda Prezidentimiz tashabbuslari bilan joriy etilgan “Ayollar daftari” tizimi bugunga kelib o‘z samaradorligini amalda isbotlab kelmoqda.
2026-yil 10 fevral sanasidan tumanimizda “Ayollar daftari”ning yettinchi bosqich jarayoni boshlanadi. Ushbu bosqich doirasida mahallalarda ko‘makka muhtoj xotin-qizlarni aniqlash va ro‘yxatga olish maqsadida keng qamrovli xatlov ishlari amalga oshiriladi.
Oltinchi bosqich: raqamlar va amaliy natijalar
2025-yil davomida “Ayollar daftari”ning oltinchi bosqichiga kiritilgan 5 467 nafar xotin-qizlar bilan manzilli ishlar olib borildi. E’tiborli jihati shundaki, ushbu ayollarning barchasiga aniq ehtiyojidan kelib chiqqan holda amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
Xususan, amalga oshirilgan ishlar doirasida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga:
- “Ayollar daftari” jamg‘armasidan — 2 mlrd 951,9 mln so‘m,
- homiylik mablag‘lari hisobidan — 277,7 mln so‘m,
ya’ni jami 3 mlrd 229,6 mln so‘m sarflandi.
1-toifa: ishsiz xotin-qizlar bandligi ta’minlandi
Ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar sifatida ro‘yxatga olingan 1 393 nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi. Jumladan:
- 71 nafar xotin-qiz rasman ishga joylashtirildi,
- 810 nafar o‘zini o‘zi band qilishga yo‘naltirildi,
- 512 nafar kasb-hunarga o‘qitildi.
Bu ko‘rsatkichlar xotin-qizlarni faqat moddiy qo‘llab-quvvatlash emas, balki ularning uzoq muddatli iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashga qaratilganini ko‘rsatadi.
2-toifa: tadbirkorlikka qadam
Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan 6 nafar ehtiyojmand xotin-qizga ATB “Xalq banki” Mirobod tuman filiali tomonidan 136 mln so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi. Ushbu mablag‘lar:
- 3 ta tikuvchilik,
- 1 ta kosmetologiya,
- 2 ta ishlab chiqarish yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga xizmat qildi.
3-toifa: boquvchisiz qolgan ayollar qo‘llab-quvvatlandi
Boquvchisi bo‘lmagan 1 162 nafar ehtiyojmand xotin-qizga har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravarigacha bo‘lgan bir martalik moddiy yordam ajratildi.
Jami:
- “Ayollar daftari” jamg‘armasidan — 967,0 mln so‘m,
- homiylik asosida — 89,6 mln so‘m,
ya’ni 1 mlrd 056,6 mln so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
4-toifa: salomatlik — ustuvor masala
Ijtimoiy yordamga muhtoj, I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek tezkor tibbiy muolajaga ehtiyoj sezgan 2 644 nafar xotin-qizga bir martalik moddiy yordam berildi va ular to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Ushbu toifa uchun ajratilgan moddiy yordamning umumiy miqdori 1 mlrd 909,5 mln so‘mni tashkil etdi (shundan 157,6 mln so‘m homiylik mablag‘lari).
Tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan:
- 1 872 nafar ambulator davolandi,
- 535 nafar zarur dori-darmon bilan ta’minlandi,
- 12 nafarga jarrohlik amaliyoti uchun yordam ko‘rsatildi,
- 225 nafarga davolanish uchun yo‘llanmalar berildi.
Dori-darmon va jarrohlik xarajatlari uchun “Ayollar jamg‘armasi” Vasiylik kengashi tomonidan 447 mln 961 ming so‘m ajratildi.
5–6-toifalar: uy-joy va alohida e’tibor
Uy-joyga muhtoj 3 nafar xotin-qizga 5,5 mln so‘m ijara kompensasiyasi to‘lab berildi, shuningdek ularning 2 nafari uy-joy bilan ta’minlandi.
Qaramog‘ida nogiron farzandi bo‘lgan 256 nafar xotin-qizga esa jami 258 mln so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ajratilib, ularning muammolari hal etildi.
Psixologik qo‘llab-quvvatlash va motivasiya
“Ayollar daftari”ga kiritilgan 450 nafar xotin-qiz Bo‘stonliq tumanidagi dam olish maskanlarida dam oldirilib, ular uchun psixologik yordam, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan motivatsion seminarlar tashkil etildi.
Yettinchi bosqich: yangi vazifalar va yangi imkoniyatlar
“Ayollar daftari”ning 7-bosqichi 2026 yil 10 fevraldan 25 fevralgacha davom etadi. Bu jarayonda tumandagi 39 ta mahallaning har birida ishchi guruhlar faoliyat yuritmoqda. Ularning tarkibiga mahalla raisi, xotin-qizlar faollari, hokim yordamchilari hamda tegishli tashkilotlar vakillari jalb etilgan.
Ishchi guruhlar 30 yoshdan oshgan har bir xotin-qizning muammolarini o‘rganib chiqadi. Ilgari “Ayollar daftari”ga kiritilib, bandligi ta’minlangan yoki tadbirkorligi yo‘lga qo‘yilgan xotin-qizlar qayta ro‘yxatga olinmaydi. Biroq ishdan bo‘shatilgan yoki tadbirkorlik faoliyati muvaffaqiyatsiz bo‘lgan hollarda ularni qayta kiritish imkoni saqlab qolingan.
Xulosa o‘rnida
“Ayollar daftari” — bu shunchaki ro‘yxat emas, balki har bir xotin-qizning taqdiri, muammosi va imkoniyatiga alohida yondashuv demakdir. Ushbu tizim orqali minglab xotin-qizlar o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishmoqda.
“Ayollar daftari”ga kirish istagida bo‘lgan xotin-qizlar o‘zlari istiqomat qiladigan mahalladagi xotin-qizlar faoliga murojaat qilishlari lozim.





