Toshkent shahar prokurori Mirobod tumanida yashirin iqtisodiyotga qarshi olib borilayotgan ishlar holatini o‘rgandi
2026-01-21 14:30:00 / Yangiliklar

Tashrif davomida bir qator obyektlar, xususan, “TOSHKENT UNIVERMAGI” (SUM), mehmonxona va umumiy ovqatlanish shaxobchalari faoliyati ko‘zdan kechirildi.
Tumanda umumiy ovqatlanish sohasida 460 ta subyekt faoliyat yuritadi. O‘rganishlar natijasida 96 ta korxonada 18,3 mlrd so‘mlik soliq bazasi yashirilgani aniqlanib, byudjetga qo‘shimcha tushumlar ta’minlandi. Shuningdek, 22 ta korxonada 54 nafar norasmiy xodim qonuniylashtirildi.
“TOSHKENT UNIVERMAGI” AJ (SUM)da 45 ta tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritib, ulardan 21 tasi yuridik shaxs, 24 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlardan iborat. Savdo sohasida 35 ta, umumiy ovqatlanishda 3 ta, xizmat ko‘rsatishda esa 4 ta subyekt faoliyat ko‘rsatadi. Barcha subyektlarda onlayn nazorat kassa mashinalari va savdo terminallari to‘liq joriy qilingan.
Mirobod tumanida mehmonxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jami 107 ta obyekt mavjud. Belgilangan “Yo‘l xaritasi” doirasida 46 ta mehmonxona o‘rganilib, 18 ta mehmonxonada 5,4 mlrd so‘mlik soliq bazasi yashirilgani aniqlandi va 337 mln so‘m qo‘shimcha soliq hisoblandi. Shuningdek, 10 ta mehmonxonada 22 nafar norasmiy xodim qonuniylashtirildi. 4 ta mehmonxonada 18 nafar mehmon “E-mehmon” tizimiga kiritilmagan, 12 ta mehmonxonada esa “E-mehmon”ga kiritilgan, ammo ONK orqali o‘tkazilmagan 290 ta holat aniqlanib, 177,6 mln so‘mlik savdo tushumi qo‘shimcha ravishda hisobga olindi.
Xususan, Toshkent shahar prokurori tomonidan ko‘zdan kechirilgan T.Shevchenko ko‘chasida joylashgan “HOTEL MANOR” MChJ tomonidan 2025 yilda 5 881,8 mln so‘mlik savdo tushumi amalga oshirilgan va mehmonlar belgilangan tartibda “E-mehmon” tizimi orqali ro‘yxatga olingan.
O‘rganishlar so‘ngida Toshkent shahar prokurori ishchi yig‘ilish o‘tkazdi. Unda Mirobod tuman prokurori va soliq inspeksiyasi rahbarlari tomonidan yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobotlar tinglandi va kelgusida samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.









