Xalq deputatlari Mirobod tumani Kengashining 18-sessiyasi haqida
2025-12-29 17:10:00 / Yangiliklar

Bugun, 29-dekabr kuni Mirobod tumani hokimligi katta majlislar zalida Xalq deputatlari Mirobod tumani Kengashining III chaqiriq, 18-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyani Xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashi raisi Anvar Sayfutdinov ochib berdi. Sessiya ishida 24 nafar deputat ishtirok etdi va kvorum ta’minlandi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Gulrux Agzamova, Toshkent shahar hokimining axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha o‘rinbosari Aleksey Xen, tuman hokimining o‘rinbosarlari, tuman soliq inspeksiyasi, iqtisodiyot va moliya bo‘limi rahbarlari, "mahalla yettiligi" hamda tegishli tashkilotlar mas’ul xodimlari qatnashdilar.
Sessiya kotibi etib 1-Sharof Rashidov saylov okrugi deputati Abduhakim Mamanazarov saylandi. Shuningdek, sanoq komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.
Kun tartibidan tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan qator muhim masalalar o‘rin oldi.
Xususan:
- 2026-yilda Mirobod tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi hamda
- 2026-yil uchun Mirobod tumanining mahalliy byudjeti to‘g‘risida tuman Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Jamshid Oripov axborot berdi.
- Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun yer solig‘i stavkasiga qo‘llaniladigan koeffitsientlar, suv resurslaridan foydalanganlik hamda noruda qurilish materiallari uchun belgilangan soliq stavkalari bo‘yicha takliflar tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Suxrobbek Ibrohimbekov tomonidan taqdim etildi.
Sessiyada 2025-yil davomida “Ayollar daftari”ning 6-bosqichi doirasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida tuman hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Feruza Madaminova hisobot berdi.
Kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan deputatlar tomonidan fikr va takliflar bildirilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Sessiyaning eng muhim masalalaridan biri — Xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashi raisini saylash masalasi bo‘ldi. Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 120-moddasiga muvofiq, 2026-yildan boshlab tuman Kengashlarida hokim va Kengash raisi lavozimlari ajratiladi.
Qonunchilik talablariga muvofiq, siyosiy partiyalar vakillari guruhi tuzilib, ular tomonidan Kengash raisi lavozimiga nomzod ko‘rsatildi. Ochiq va oshkora muhokamalardan so‘ng, deputatlar ovoz berish yo‘li bilan Kayumov Xayrulla Zabixullaevichni Xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashi raisi etib sayladilar.
Yangi saylangan Kengash raisiga deputatlar tomonidan samimiy tabriklar bildirilib, tuman taraqqiyoti va aholi farovonligi yo‘lidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilab qolindi.
Sessiya yakunida Xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashining 18-sessiyasi kun tartibidagi barcha masalalar ko‘rib chiqilgani e’lon qilinib, sessiya yopiq deb topildi.









