Mirobod tumanida yashovchi 44 nafar bolalar “Prezident archasi” tadbiriga taklif etildi
2025-12-25 15:30:00 / Yangiliklar

Yangi yil bayrami arafasida an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Prezident archasi” bayram tadbiri har yili minglab bolajonlarga unutilmas quvonch va iliq taassurotlar ulashib kelmoqda. Ayniqsa, mehr va e’tiborga muhtoj bolalar uchun ushbu bayram chinakam mo‘jizaga aylanadi. Shu bois ham ular bu shodiyona kunni har yili katta orziqish bilan kutadilar.
Joriy yilda ham “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi Mirobod tumani bo‘limi tashabbusi bilan 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan 44 nafar chin yetim, xizmat vazifasini bajarish chog‘ida vafot etgan huquq-tartibot idoralari xodimlarining farzandlari hamda nogironligi bo‘lgan bolalar “Forumlar saroyi”da o‘tkazilgan “Prezident archasi” bayram tadbiriga taklif etildi.
Davlatimiz rahbarining kelajagimiz egalari — bolalarga bo‘lgan cheksiz mehr-e’tibori va g‘amxo‘rligini o‘zida mujassam etgan ushbu tadbir bu yil ham ko‘tarinki ruhda, yuqori saviyada tashkil etildi.
Bayram davomida bolajonlar teatrlashtirilgan tomoshani katta qiziqish bilan tomosha qildilar, bayramona bezatilgan archa atrofida quvonch bilan aylanishib, kuy-qo‘shiqlar ostida raqsga tushdilar.
Ularning chehralaridagi samimiy tabassum va quvonch tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
🌲 Shuningdek, bugun 110-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida bolajonlarga an’anaviy “Prezident sovg‘alari” tantanali tarzda topshirilishi rejalashtirilgan.








