Mirobod tumani IIOFMB boshlig‘i, podpolkovnik U.S.Nasriddinovning aholiga murojaati
2025-12-23 10:15:00 / Rahbariyatning hisobotlari va murojaatlari

Assalomu alaykum, hurmatli Mirobod tumani aholisi hamda mehmonlari!
Joriy yil tumanimiz miqyosida 164 marotaba ommaviy-madaniy, ijtimoiy-siyosiy va sport tadbirlari o‘tkazilib, unda 287 mingdan ortiq fuqarolarning xavfsizligi ta’minlandi.
Mazkur tadbirlar davomida jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashda Mirobod tumani IIOlari xodimlari munosib hissa qo‘shdilar.
Tuman hududida jinoyatchilik ahvoli bo‘yicha to‘xtalib o‘tsam. Joriy yilda Mirobod tumanida:
– huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 160 ta jinoyatlar fosh etildi;
– 20 997 nafar huquqbuzarlik sodir etgan shaxs aniqlandi;
– 176 nafar shaxs Reabilitatsiya markaziga joylashtirildi;
– jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan 1 373 nafar shaxs profilaktik hisobga hamda 57 nafar ilgari sudlanganlar ma’muriy nazoratga olindi;
– 67 nafar profilaktik hisobda turgan ruhiy kasal, giyohvand va spirtli ichimlikka ruju qo‘yganlar majburiy davolanishga yotqizildi;
– profilaktika inspektorlari tomonidan jinoyat qilishga moyil hamda jinoyatdan jabrlanish xavfi yuqori bo‘lgan 4207 nafar shaxs bo‘yicha “mahalla yettiligi”ga xulosalar berildi va qo‘shma xulosalar asosida ularning muammolari hal etildi.
Jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida, tumanimiz hududida oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar 17,9 foizga (548/450) kamayishiga erishildi.
Jinoyat turlaridan o‘g‘rilik (190/122), oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik (13/8), qasddan yengil tan jarohati yetkazish (39/23), qasddan o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish (30/22), voyaga yetmagan shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash (8/7), jami YTHlar (69/50), o‘lim bilan bog‘liq YTHlar (3/2) kamaydi.
Ichki ishlar xodimlari tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar 0,8 foizga (504/508) yaxshilandi.
Mahallalarda jinoyatchilikni jilovlashga qaratilgan tadbirlar natijasida 2025-yilning 11 oyi yakuni bo‘yicha tumandagi mavjud 39 ta mahallalarning 31 tasida (79,5 %) jinoyat kamaygan bo‘lsa, 5 tasida (12,8%) bironta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Bundan tashqari, Muhtaram Prezidentimizning 2025-yil 3 yanvar kunidagi PQ-1-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida: “Qizil” va “sariq” toifadagi mahallalarda o‘g‘rilik jinoyatlari sodir etilgan ko‘chalar ro‘yxati shakllantirilib, ushbu ko‘chalardagi savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarni qo‘riqlash xizmatiga topshirish yuzasidan 312 ta arizalar olindi.
Mahallalarda:
1303 ta “Hudud kamera nazoratida!”, “Obyekt qo‘riqlovda!” va “Xonadon qo‘riqlovda!” mazmundagi fuqarolarni ogohlikka chaqiruvchi stikerlar joylashtirildi;
- aholi gavjum joylar va ko‘chalarga 639 ta video-kuzatuv kameralari o‘rnatildi;
- ko‘p qavatli uylarning hovlilariga 65 ta PTZ-kameralari o‘rnatildi;
- ko‘p qavatli uylarning eshiklariga 851 ta zamonaviy domofonlar o‘rnatildi;
- 1476 ta ko‘p qavatli va yakka tartibdagi xonadonlar, shuningdek, 275 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari Mirobod tumani Qo‘riqlash xizmati tomonidan texnik qo‘riqlovga olindi;
- ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklari oldiga 285 ta tashvish tugmalari o‘rnatildi.
Tumandagi savdo markazlari va bozorlarga 59 ta yuzni va avtoraqamlarni tanib oluvchi kameralar o‘rnatildi.
Shuningdek, 11 oylik yakuni bo‘yicha 26 ta “Xavfsiz ko‘cha” va 65 ta “Xavfsiz yo‘lak”lar tashkil etildi.
Profilaktika inspektorlari tomonidan jinoyat sodir etishga moyil hamda jinoyatdan jabrlanish xavfi yuqori bo‘lgan 4 214 nafar shaxs bo‘yicha “mahalla yettiligi”ga xulosalar berildi va qo‘shma xulosalar asosida ularning muammolari hal etildi.
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar izchillik bilan davom ettiriladi.
Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlar haqida to‘xtalib o‘tsam. Buni sodda qilib aytganda, kiberjinoyatlar deymiz. Ushbu turdagi jinoyatlar zamon va makon tanlamasligi va masofadan, ya’ni boshqa davlatlardan turib sodir etilishi sababli ish faoliyatimizda bir muncha qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.
Joriy yilda jami 701 ta jinoyatlar qayd etilib, ular asosan kibero‘g‘rilik (187 ta) va kiberfiribgarlik (496 ta)dir.
Kiberjinoyatlarning 72 foizida fuqarolarning o‘zi plastik kartasi kodini jinoyatchilarga berganligi, 23 foiz holatda kiberjinoyatlar soxta virusli APK fayllarni yuklab olishlari natijasida sodir etilganligi ma’lum bo‘ldi.
Kiberjinoyatlarni oldini olish bo‘yicha ko‘plab ishlar qilinmoqda, lekin afsuski aholiga haligacha yetkazib berolmayapmiz.
Bu turdagi jinoyatlarga qarshi kurashishning eng samarali usuli fuqarolarda kiberjinoyatlarga qarshi immunitetni shakllantirishdir.
Aziz fuqarolar, axir bu sizlarni pulingizku, cho‘ntagingizdagi pulga qanchalik e’tiborli bo‘lsangiz, plastik kartangizdagi pullarga ham shunday e’tiborli bo‘ling. Hech kimga bermang shaxsiy ma’lumotingizni!
Har bir mahallada profilaktika inspektorlari tomonidan telegram tarmog‘ida mahalla kanallari ochilgan, mana shu kanallarda kiberjinoyatlarning yangi turlari, usullari va ehtiyot choralari bo‘yicha ma’lumotlar berib boriladi. Tumanimiz aholisidan shu kanallarga a’zo bo‘lishlarini so‘rab qolgan bo‘lardim.
Giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlar.
Biz ichki ishlar organlari xodimlari tuman hududida boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari bilan hamkorlikda bu illatga qarshi kurashishda, avvalambor yoshlar orasida keng tarqalishini oldini olishda tegishli tadbirlarni amalga oshirdik va hozirgi kunga qadar oshirib kelmoqdamiz.
Jumladan, shu yilning o‘zida 20 kg. 516 gr. giyohvandlik moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoiy holatlarga chek qo‘yildi.
Tezkor tadbirlar davomida 2 024 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari xujjatlashtirib olindi.
Mazkur aniqlangan jinoyat ishlari doirasida jami 244 nafar shaxslar javobgarlikka tortildi.
Bu narkotiklar agar muomalaga chiqib ketganida, 106 mingdan ortiq yoshlarni zaharlashi mumkin edi.
Shunga o‘xshagan tadbirlar davomida ko‘plab holatlarni aniqladik, lekin, bu yo‘nalishga yanada jiddiy e’tibor qaratishimiz kerak.
Bugungi kunda bu turdagi jinoyatlar ham zamonaviylashgan, ya’ni giyohvandlik vositalarning savdosi bilan shug‘ullanuvchi internetga ko‘chgan! Bundan internet do‘konlari, ularning administrator va operatorlari, “kladmenlar” va “zakladchiklar” orqali jinoyatlar sodir etilmoqda. Bu jinoiy guruh faoliyati esa xorijdan turib boshqarilmoqda. Shuning uchun bu kabi jinoiy guruh rahbarlarigacha yetib borishda bir qancha qiyinchiliklar mavjud. Buni yashirolmaymiz.
Lekin biz bu jinoyatlarni sodir etayotganlarni aniqlab, aybdorlarga nisbatan jazo muqarrarligini ta’minlaymiz.
Aziz fuqarolar! Bu illat butun jamiyatimiz va kelajagimizga katta xavfni keltirib chiqarishi mumkinligini unutmaylik.
Bu illatga barchamiz birgalikda kurashishimiz shart!
Hurmatli tumandoshlar, poytaxtimiz mehmonlari!
Jinoyat sodir etilganidan keyin emas, ularni oldindan bartaraf etishga e’tibor qarataylik.
Bugungi kunda tumanimizdagi 39 ta mahallalarning har birida mahalla teleramm kanallari bor.
Mahalla profilaktika inspektorlari tomonidan ushbu telegramm kanallarga 18 yoshdan oshgan barcha aholini a’zo qilish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Sizlardan iltimos, ushbu telegramm kanallarga a’zo bo‘lsangiz, biz Sizlarga bugungi kunda tumanimiz hududidagi jinoyatchilik ahvoli, kiberjinoyatlarning yangicha turlari, ulardan himoyalanish, narkotik va boshqa illatlarga qarshi kurashish bo‘yicha ma’lumot berib boramiz.
Ushbu telegramm kanallarda har bir mahalladagi muhit haqida bevosita har kuni ma’lumotlar beriladi, eng asosiysi Siz to‘g‘ridan-to‘g‘ri profilaktika inspektori bilan bevosita aloqada bo‘lasiz.
Turli masalalarda murojaat qilishga, qiziqtirgan savollarga javob olish imkoni bo‘ladi.
Shu o‘rinda, hurmatli fuqarolarimizdan ogoh bo‘lishlarini, oilasi, yaqinlari, qo‘ni-qo‘shnilari orasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda jonbozlik ko‘rsatishlarini ham so‘rab qolaman.
Aziz fuqarolar, agarda Siz jamiyat va davlat xavfsizligiga doir turli xatarlar, shuningdek boshqa shaxslar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar va jinoyatlar haqida ma’lumotlarga ega bo‘lsangiz, bizga 102 raqami orqali yoki ishonch telefonlarimizga xabar berishingizni so‘raymiz.
Albatta, xabar bergan fuqaroning shaxsiga doir ma’lumotlar sir saqlanishiga kafolat beramiz. Shuni e’tiborga olingki, bu, ayrimlar aytganidek “quloqlik” emas, balki davlat va jamiyat oldidagi o‘z burchiga sodiqlik hisoblanadi. Sizning shu xabaringiz asosida og‘ir oqibatli jinoyatlarning oldi olinishi, insonlar hayoti saqlab qolinishi mumkinligini unutmang. Hech birimiz befarqlikka berilmasligimiz lozim.
Murojaatim so‘ngida tuman ichki ishlar organlari xodimlari nomidan barchangizga oilaviy hotirjamlik va sog‘lik tilab qolaman. Yurtimizda tinchlik hukm sursin, xonadonlarimizdan fayzu baraka arimasin. Birgalikda kelajak avlodning sog‘lom va yetuk bo‘lib ulg‘ayishi, mustaqil Vatanimizning porloq kelajagi uchun mahallamiz va tumanimizni jinoyatdan holi hududga aylantiraylik.
E’tiboringiz uchun rahmat!
