“Yangi zamon” mahallasida “Tadbirkorlik markazi” ochildi
2025-11-26 13:15:00 / Yangiliklar

Bugun, 26-noyabr kuni, Mirobod tumanidagi “Yangi Zamon” mahallasida xotin-qizlar uchun mo‘ljallangan “Tadbirkorlik markazi”ning tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi. Bu markaz Prezidentimizning 2022 yil 21-sentyabrdagi “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qo‘shimcha-chora-tadbirlari to‘hrisida”gi 376-sonli qarori asosida tashkil etildi.
Tantanali marosimda tuman hokimining o‘rinbosari Feruza Madaminova, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Mirobod tumani bo‘limi boshlig‘i G‘anisher Eshankulov, Xalq deputatlari Mirobod tumani kengashi deputatlari, xotin-qizlar faollari, bo‘lg‘usi tadbirkor xotin-qizlar va mahalla nuroniylari ishtirok etdilar.
Markazda birinchi bosqichda mahalladagi xotin-qizlar kosmetologiya, tadbirkorlik asoslari va boshqa kurslarda bepul ta’lim olishadi. Bu nafaqat kasb o‘rganish, balki mustaqil biznesni rivojlantirish va daromad topish imkoniyatini ham beradi.
Shuningdek, markazda “maslahat soatlari”, boshlang‘ich biznes rejalar tayyorlash, ijarada imtiyozlar, grant va moliyaviy ko‘mak kabi qo‘llab-quvvatlash tizimlari ham joriy etilgan.
Markazning afzalliklari:
- Mahalladagi xotin-qizlar oilani ta’minlash va iqtisodiy mustaqillikka erishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
- Ta’lim va biznes orqali xotin-qizlarning ijtimoiy faolligi va obro‘si oshadi.
Yaqin kelajakda tumandagi boshqa mahallalarda ham shunday markazlar ochilishi rejalashtirilgan — bu ulkan ijtimoiy va iqtisodiy qadamdir.





