Nukus ko‘chasi — poytaxtning yashil va barqaror maskani
2025-11-15 12:05:00 / Yangiliklar

Zamonaviy va xavfsiz piyodalar yo‘laklari faqat ishga shoshilayotgan fuqarolar uchun emas, balki kundalik sayr, dam olish va go‘zallikdan bahra olish uchun qulay ijtimoiy maydon yaratib berdi. Xalqaro tadbirlar — xususan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvi arafasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari tufayli Nukus ko‘chasi poytaxtning eng faol va zamonaviy maskanlaridan biriga aylandi.
78 yoshli Oydin Xamroyeva har kuni Nukus ko‘chasi bo‘ylab harakatlanadi. Ilgarigi 10 daqiqalik yo‘l bugun 15 daqiqaga cho‘zilishidan u mamnun:
"To‘xtayman, — deydi onaxon tabassum bilan, — yangi o‘rnatilgan o‘rindiqlarda dam olaman, qushlar sayrashini tinglayman, gullardan zavq olaman. O‘zimni go‘yo o‘z hovlimda sayr qilayotgandek his qilaman".
✅ Onaxonning shunday osuda sayri — Mirobod tumani hokimligi tashabbusi bilan amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlariga berilgan eng to‘g‘ri va samimiy bahodir.
Zamonaviy eko-yondashuv: gul ochgan yoritgichlar
Nukus ko‘chasida amalga oshirilgan muhim ekologik yechimlardan biri — vertikal ko‘kalamzorlashtirishdir.
Yo‘laklar bo‘ylab joylashtirilgan maxsus guldonlar va yashil kompozitsiyalar hududga alohida ko‘rkamlik bag‘ishlab, qulay "yashil tunnel" xosil qilmoqda. Bu — shahar muhitini yaxshilashga qaratilgan yevropacha yondashuvning amaliy namunasidir.
Tarixiy arkaning qayta jonlangan qiyofasi
Mirobod dehqon bozorining mashhur arkasi ham tubdan yangilanmoqda. Endi u shunchaki o‘tish maskani emas, balki tumanning tarixiy ruhi va zamonaviy qiyofasini uyg‘unlashtiruvchi muhim arxitekturaviy nuqta sifatida xizmat qiladi.
Barqaror infratuzilma — uzoq kelajakka xizmat qiladigan investitsiya
Nukus ko‘chasini obodonlashtirish gullar ekish yoki kompozitsiyalar yaratish bilan cheklanmadi. Bu yerda yillar davomida o‘z qiymatini yo‘qotmaydigan, barqaror va qulay infratuzilma yaratildi.
Ya’ni:
🟢 Aqlli ko‘kalamzorlashtirish: ustunlarga osilgan guldonlar, ixcham butalar va soya beruvchi alleyalar ko‘cha bo‘ylab huzurbaxsh muhit yaratadi. Bu yechimlar hududni ham chiroyli, ham qulay qiladi.
🟢 Qulay shahar jihozlari: o‘rnatilgan yangi o‘rindiqlar va urnalar mustahkam materiallardan tayyorlangan bo‘lib, uzoq yillar xizmat qiladi. Aholi uchun qulaylik va tozalik ta’minlanadi.
🟢 Barqaror ekotizim: ko‘p yil yashaydigan daraxtlar ekilishi natijasida ko‘chaning o‘z tabiiy mikroiqlimi shakllandi — yozda soya, havoda namlik va kislorod ko‘payadi.
🟢 Samarali resurs boshqaruvi: tomchilatib sug‘orish tizimi o‘rnatilib, suv tejalishi va gul hamda daraxtlarning doimiy ravishda namlanib turishi ta’minlandi. Bu esa yashillikning uzoq muddat saqlanishiga xizmat qiladi.
Bugungi kunda Nukus ko‘chasi — Mirobod tumanining eng jonli, eng faol va eng hayotbaxsh hududlaridan biriga aylandi.
Yangilangan infratuzilma, ko‘kalamzor maydonlar va zamonaviy shahar madaniyati integratsiyasi natijasida bu ko‘cha fuqarolar uchun to‘xtab, chuqur nafas olib, atrofdan huzur olish mumkin bo‘lgan haqiqiy jamoat makoniga aylanmoqda.
Nukus ko‘chasi — bugungi va ertangi poytaxtning yuzi, uning barqaror, zamonaviy va insonparvar rivojlanish yo‘lining yorqin namunasidir.









