II Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali PRESS-RELIZI
2024-05-03 19:00:00 / Press-relizlar
![II Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali PRESS-RELIZI](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2F51ff4455-6b2b-7a4c-50f9-289e2a0986c3_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
2024 - yil 3 — 5 - may kunlari Buxoro shahrida II Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu xalqaro anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-apreldagi “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘tkazilmoqda.
Xalqaro tadbir xalq amaliy san’atining zardo‘zlik va zargarlik an’analarini rivojlantirish, ularning noyob namunalarini targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashish orqali xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlash, madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirish, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan kasbiy an’analar va hunarmandchilik maktablarini saqlash va qayta tiklash hamda mintaqaning turizm salohiyatini yanada oshirish maqsadida tashkil etilgan.
Xalqaro miqyosdagi anjumanning Buxoro shahrida o‘tkazilayotgani bejiz emas. Chunki Buxoro qadim-qadimdan hunarmandchilik rivojlangan madaniy markazlardan biri bo‘lib kelgan. Bu yerda hunarmandchilik va xalq amaliy san’atining turli yo‘nalishlari, ayniqsa zardo‘zlik va zargarlik yuksak darajada taraqqiy etgan. Usta-shogird an’analari asosida hunarmandlarning oilaviy sulolalari uning sir-asrorlarini ajdodlardan avlodlarga yetkazib kelmoqda. Bugungi kunda ham Buxoro shahrida hunarmandchilik an’analari izchil rivojlanmoqda. Xususan, ipak gilamchilik, kulolchilik, kandakorlik, zardo‘zlik, zargarlik, kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi, qog‘ozgarlik kabi hunarmandchilikning ko‘plab turlari ravnaq topmoqda.
2022-yilda Butunjahon Hunarmandlar kengashi tomonidan Buxoro shahriga Butunjahon hunarmandchilik shahri maqomi berilgan.
Festivalda Respublikamizning barcha hududlaridan 243 nafar hunarmandlar, shulardan 114 nafar zargar, 39 nafar zardo‘z, 90 nafar hunarmandchilikning boshqa yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan hunarmandlar ishtirok etmoqda.
Festivalga 42 ta davlatdan 157 nafar xorijiy ishtirokchi ishtirok etyapti. Jumladan ilmiy-amaliy konferensiyada 9 ta davlatdan 12 nafar, nufuzli mehmonlar sifatida 36 nafar, xorijiy ommaviy axborot vositalari sifatida 5 ta davlatdan ishtirokchilar ishtirok etmoqda.
Festival doirasida “An’anaviy zardo‘zlik va zargarlik, san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya ham o‘tkazilmoqda. Konferensiyada 9 davlatdan 12 nafar xorijlik va 12 nafar mahalliy soha olimlari hamda 300 dan ortiq professor-o‘qituvchilar, magistrantlar, hunarmandlar ishtirok etyapti.Ilmiy-amaliy konferensiyada Avstraliyalik olim Lindy Joubertning “Jamiyatni shakllantiruvchi hunarmandchilik: hunarmandchilikni o‘rgatish – jahon tajribasi” kitobining taqdimoti o‘tkazildi.Konferensiyada 10 nafar xorijlik va mahalliy olimlar ma’ruzalar bilan qatnashmoqda.
Festival tadbirlarini mahalliy ommaviy axborot vositalarining 100 dan ortiq vakillari, Pokiston, Yangi Zelandiya, Hindiston, davlatlaridan tashrif buyurgan xorijiy ommaviy axborot vositalarining 4 nafar jurnalisti, shu bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan o‘tgan va O‘zbekistonda doimiy faoliyat yuritayotgan Xitoy davlatining oav vakillari ham keng yoritib bormoqda.
Festival doirasida bir qator tadbirlar, fyestival ishtirokchilarining tantanali yurishlari (parad-shestviye), mahalliy va xorijiy hunarmandlarning mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi, “An’anaviy zardo‘zlik va zargarlik san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya, Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun festivalni o‘tkazish va yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanlari, Mahalliy va xorijiy dizayner va hunarmandlar ishtirokidagi “Buxoro moda kunlari” moda namoyishi va konsyert dasturi, xalq raqslari, qo‘g‘irchoqbozlik, folklor jamoalari chiqishlari, viloyat madaniyat boshqarmalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturlari, gastronomik tanlovlar, mahalliy va xorijiy hunarmandlarning mahorat darslari, Buxoro shahrida mavjud mashhur zardo‘z va zargarlar ustaxonalariga ekskursiyalar o‘tkazilmoqda.
Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali nizomiga asosan festival doirasida mahalliy va xorijiy hunarmandlar o‘rtasida ko‘rik-tanlov o‘tkazilyapti. Ko‘rik-tanlov ishtirokchilari bo‘lgan hunarmandlarning mahoratlarini yetti kishidan iborat tarkibda xalqaro hay’at baholab bormoqda. Xalqaro hay’at tarkibiga yuqori malakali mutaxassislar, taniqli san’at va madaniyat arboblari, olimlar, tadqiqotchilar, amaliyotchilar, shuningdek, ishtirokchi davlatlardan tegishli sohalar namoyandalari kiritilgan.
Xalqaro hay’at ko‘rik-tanlov ishtirokchilarining mahsulotlari ko‘rgazmasi va mahorat darslarini 12 ta nominatsiya – "Eng yaxshi zargarlik tashkiloti", "Eng yaxshi zardo‘zlik tashkiloti", "Eng yaxshi zardo‘z", "Eng yaxshi zargar", "Eng yaxshi zardo‘zlik maktabi ustasi","Eng yaxshi zargarlik maktabi ustasi","Zardo‘zlik bo‘yicha qadimiy sulola davomchisi" "Zargarlik bo‘yicha qadimiy sulola davomchisi", "Qadimiy an’analarni qayta tiklagan zardo‘z", "Qadimiy an’analarni qayta tiklagan zargar","Eng yosh mahoratli zardo‘z", "Eng yosh mahoratli zargar" kabi nominatsiyalar bo‘yicha baholaydi hamda g‘oliblar maxsus diplom va pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali ko‘rik-tanlov g‘oliblari va sovrindorlari ishtirokida “Ark” qo‘rg‘onida tantanali taqdirlash marosimi va gala-konsert bo‘lib o‘tadi.