Navruz tabrigi
2026-03-21 00:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!
Muhtaram faxriylar, qadrli yoshlar!
Munis opa-singillar, hurmatli mehmonlar!
Siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni qadimiy va hamisha navqiron bayram – Navro‘zi olam bilan chin yurakdan samimiy muborakbod etaman.
Bu yilgi Navro‘z bayrami “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” degan ezgu g‘oya asosida nishonlanayotgani bejizga emas. Bugungi munavvar kunni el-u yurtimiz bilan tinch va xotirjam kutib olayotganimiz uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytamiz.
Bu yilgi tumanimizda o‘tayotgan Navro‘z bayrami muqaddas ramazon oyining so‘nggi kunlarida, uning tabarruk fazilatlariga uyg‘un holda o‘tayotgani bayramga alohida ruh, o‘zgacha fayz va quvonch bag‘ishlamoqda.
Qalblarimiz shodlikka to‘lgan shunday barokatli kunlarda yurtimiz mo‘min-musulmonlarini, butun islom ummatini kirib kelayotgan iydi ramazon bilan qutlab, jamiki pok niyatlarimiz ijobat bo‘lishini tilayman.
Shunday shukuhli va ulug‘ kunlar barchamizga muborak bo‘lsin!
Qadrli do‘stlar!
So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, barcha sohalardagi tub o‘zgarishlar xalqimiz hayotida yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, yoshlar va ayollar uchun imkoniyatlarni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.
Jumladan, kechaginda ochilishi bo‘lib o‘tgan Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazini qurib foydalanishga topshirilgani mustaqil O‘zbekiston tarixida eng katta bunyodkorlik ishi bo‘ldi desak mubolig‘a bo‘lmaydi. Ushbu markaz tarix, madaniyat va islom sivilizatsiyasini o‘rganish hamda ommalashtirish sohasida dunyodagi eng yirik majmualardan biriga aylandi.
Shu bilan bir qatorda ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamli texnologiyalar, infratuzilmani rivojlantirish sohalaridagi yangilanishlar yurtimizning kelajagi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Har bir fuqaroga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish, munosib mehnat qilish va farovon hayot kechirish uchun sharoitlar yaratilmoqda.
Hech shubhasiz, yuksak bunyodkorlik ruhi Yangi O‘zbekistonimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar va jadal o‘zgarishlarning asl mazmuni va ezgu g‘oyalariga hamohangdir.
Bugun mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash, aholi daromadlari va turmush darajasini yuksaltirish yo‘lida qat’iy qadamlar qo‘ymoqdamiz.
Xususan, yurtboshimiz tomonlaridan Kosonsoy tumanini Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman deb e’tirof etishlari, buning uchun tumanimizni rivojlantirish uchun
100 mlrd so‘m hamda 2 ta mahallamizni ham infratuzilmasini yaxshilashga 5 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratib berganlariga Siz azizlar nomingizdan minnatdorchilik bildirishga ijozat bergaysiz.
Birgina ramazon oyida hurmatli Prezidentimiz tomonlaridan “Ramazon – mehr-muruvvat va sahovat oyi” shiori ostida ehtiyojmand aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tumandagi 5356 nafar oilalarga 3,6 mlrd.so‘m mablag‘ ajratildi.
O‘tgan 2025-yil davomida tumanimizda
- Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi
1.8 trln.so‘m yoki 2020-yilga nisbatan 5.4 martaga;
- Yalpi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 2.3 trln.so‘m yoki 2.1 martaga;
- Investitsiyalar 2.6 trln.so‘m yoki 5.3 martaga;
- 9 ta investitsion loyihalar doirasida jami 178,1 mln dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, buni natijasida qariyb 2,5 mingta yangi ish o‘rinlarini yaratildi.
- Qurilish montaj ishlari 679.7 mlrd.so‘m yoki
173 foizga;
- Chakana savdo aylanmasi 1.6 trln.so‘m yoki 2.4 martaga;
- Xizmatlar ko‘rsatish hajmi 1.4 trln.so‘m yoki
2.8 martaga;
- Tashqi savdo aylanmasi 135.8 mln.dollar yoki
2.5 martaga;
- eksport hajmi 95.8 mln.dollar yoki 4.9 martaga o‘sishiga erishildi.
Navro‘z kunlarida bobo dehqonlarimiz rizq-ro‘zimiz, dasturxonimiz qut-barakasini o‘ylab, ona zaminga o‘z mehrini beradi, mo‘l hosil olish niyatida qattiq bel bog‘laydi.
Ko‘nglimizda mehnat va ijod, uyg‘onish va yasharish zavqi tobora kuchayib borayotgan mana shunday bahoriy lahzalarda mirishkor dehqon va fermerlarimiz, bog‘bon va chorvadorlarimizga alohida ehtirom izhor etamiz.
Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida so‘ngi 5-yilda paxtachilikdagi hosildorlik 23 sentnerdan 49 sentnerga, g‘allachilikda esa 36 sentnerdan 78 sentnerga oshishiga erishildi.
Ijtimoiy soha yo‘nalishida 2017-2026-yillar davomida jami 51 ta ta’lim muassasalari, jumladan, 34 ta umumta’lim maktablari, 16 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.
Shundan, 2 ta maktab, 7 ta bog‘cha yangi qurilgan, 25 ta maktab, 6 ta bog‘cha rekonstruksiya qilingan bo‘lsa, 7 ta maktab, 3 ta bog‘cha mukammal ta’mirlangan.
Muhtaram yurtdoshlar!
Navro‘z – yoshlik va shijoat ayyomidir.
Hayotga katta orzu-umidlar bilan kirib kelayotgan yoshlarimiz Yangi O‘zbekistonning ilg‘or va qudratli kuchiga aylanib borayotganiga barchamiz guvohmiz.
Bugungi kunda tumanimiz yoshlari sport turlaridan milliy terma jamoa safida yurtimiz bayrog‘ini ko‘tarayotgani, xususan futbol bo‘yicha yoshlar, o‘smirlar va milliy terma jamoalarda to‘p surayotgani bizga faxr va g‘urur bag‘ishlaydi.
Ilm-fan, madaniyat, adabiyot va san’at sohalarida ham tumanimiz farzandlari bizning vatanimizni dunyoga tarannum etayotganlari quvonarli holdir.
Yoshlarga shunday beqiyos imkoniyatlarni yaratib berayotgan muhtaram prezidentimizga siz aziz yoshlar labbay deb Vatan bayrog‘ini ko‘tarishda charchamang deb qolaman.
Qayerda bo‘lmang, qaysi sohada ishlamang, milliy qadriyatlarimizga, o‘zligimizga, Vatanimizga munosib va sodiq bo‘ling!
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Siz azizlarni yana bir muhim yo‘nalishga e’tiboringizni qaratmoqchiman.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi nafaqat tabiatni asrash, balki kelajak avlodga sog‘lom va musaffo muhit qoldirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mahallalarda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari – bu shunchaki qurilish yoki tozalik emas, bu – odamlarning kayfiyati, turmush darajasi va ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirish demakdir. Har bir ko‘cha, har bir xonadon oldi toza va tartibli bo‘lsa, yurtimiz chinakam go‘zal va fayzli maskanga aylanadi.
Bu boradi tumanimizda ham “Yashil makon” loyihasi doirasida 900 mingdan ortiq mevali, 800 mingdan ortiq manzarali ko‘chatlar ekildi va ushbu ishlar davom etmoqda.
Shu o‘rinda barchangizni “Yashil makon” loyihasida faol ishtirok etishga, har yili kamida bir necha tup daraxt ekishga, ularni parvarishlashga chaqiraman. Chunki ekilgan har bir nihol – bu kelajakka qo‘yilgan mustahkam poydevordir.
Muhtaram vatandoshlar!
Sharqona Yangi yilimiz qutlug‘ kelsin, daryolarimiz suvga, omborlarimiz hosilga to‘lsin!
Bunyodkor quruvchilarimiz, aziz va mo‘tabar ustoz-murabbiylarimiz, fidoyi shifokorlarimiz, iqtisodiyotimiz tayanchi bo‘lgan g‘ayratli tadbirkorlarimiz, yurtimiz posbonlari hamda kelajak bunyodkorlari hamisha sog‘-omon bo‘lsin!
Oldimizga qo‘ygan baland marralar va ulug‘ rejalar to‘liq ro‘yobga chiqsin!
Ushbu unutilmas, dilbar lahzalarda siz, azizlarni, barcha-barcha yurtdoshlarimizni Navro‘z bayrami bilan yana bir bor qutlayman.
Har bir xonadonga, butun yurtimizga tinchlik, baxt-u saodat va fayz-u baraka tilayman!
Navro‘zi olam muborak bo‘lsin!
