2026-yil 8-mart “Xalqaro xotin-qizlar”
2026-03-08 00:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, qadrli opa-singillar, mo‘tabar onaxonlar !
Avvalo, siz, azizlarni, sizlar orqali butun Kosonsoy ayollarini
8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy buyuk ona siymosi, mo‘tabar ayol zotini ulug‘lab, ularning baxt-saodati yo‘lida barchamizni fidokor bo‘lishga da’vat etgani albatta bejiz emas.
Chindan ham, mehr-oqibat, olijanoblik, muhabbat va sadoqat kabi yuksak insoniy qadriyatlarni kamol toptirishda, oila qo‘rg‘onini mustahkamlashda sizlarning xizmatingizni hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi.
Bugungi qutlug‘ bayramning fayzli Ramazon oyida bo‘lib o‘tayotgani uning ezgu ruhi va mazmunini yanada oshirmoqda.
Muqaddas dinimiz ham muhtarama onalarimiz, dilbar opa-singillarimiz, munis qizlarimizga hamisha yaxshilik qilishga, ularning izzat-hurmatini joyiga qo‘yishga buyuradi.
Shu bois Davlatimiz rahbarining Ramazon oyida mehr va muruvvatga muhtoj bo‘lgan fuqarolar, jumladan xotin-qizlar holidan xabar olish yuzasidan qabul qilgan Qarorlari ijrosi doirasida tumandagi 496 nafar ayollarga 150 mln so‘mdan ortiq moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
So‘nggi yillarda mamlakatimizda bevosita Davlatimiz rahbari boshchiliklarida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini to‘liq ta’minlash, ularning qadr-qimmatini ulug‘lash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bugungi kunda ayollar turli soha va tarmoqlarda jamiyatning jadal taraqqiyoti uchun o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.
Ma’lumot uchun, 2017-yilda rahbarlik sohasida xodimlarning
20 foizini xotin-qizlar tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda bu raqam
35 foizga yetdi. Bugungi kunda Xalq deputatlari Kosonsoy tuman Kengashiga 6 nafar, viloyat kengashiga esa 2 nafar ayollarimiz deputat sifatida saylandilar. 2025-2026 o‘quv yilida umumta’lim maktablari va texnikumlarni 2090 nafar qizlar tamomlagan bo‘lib, 538 nafar qizlarimiz oliy ta’limga qamrab olindi.
Yana 382 nafar xotin-qiz kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi.
Albatta, ayollari o‘qimishli va kasb-hunarli bo‘lgan yurtda tinchlik va taraqqiyot bo‘ladi. Ayollari ma’rifatli bo‘lgan xalq albatta baxtli bo‘ladi.Tahlil qilinganda bu ko‘rsatkich 2017-yilga nisbatan 3,5 karra ko‘p degani. Natijada har bir mahalladan nafar xotin-qiz oliygohlarda ta’lim olish imkoniga ega bo‘ldi.O‘tgan yili respublika va jahon sport o‘yinlarida tuman ayol sportchilari jumladan:
33 maktabning qo‘l to‘pi qizlar jamoasi respublika sport musobiqasida qatnashib 1 o‘rinni egallab oltin medalga sazovor bo‘lishgan, Kurash bo‘yicha Vahobova Sayyora jahon chempionatida 3 o‘rinni egallab bronza medalini qo‘lga kiritgan. Badiiy gimnastika jamoamiz Prezident kubogida qatnashib 2 o‘rinni egallab kumush medalini qo‘lga kiritgani yuqoridagi gaplarning isbotidir.
Kosonsoylik qizlarimiz madaniyat va san’at sohasida ham tumanimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqdalar. O‘tgan yili madaniyat va san’at sohasidagi turli tanlovlarda
20 nafardan ortiq iste’dodli qizlarimiz g‘olib bo‘lganlari ham shundan dalolat beradi.
Ayolni muqaddas bilish, unga alohida ehtirom ko‘rsatish, ozod va obod yurtimiz kelajagi bo‘lgan har tomonlama yetuk yoshlarni tarbiyalashdagi beqiyos o‘rnini yana bir bor e’tirof etish, barkamol, oqila xotin-qizlar avlodini voyaga yetkazish, ular orasidagi iqtidorli yoshlarning ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, tibbiyot, axborot texnologiyalarini rivojlantirish va jamoatchilik faoliyatidagi yutuqlari, tengdoshlarining milliy istiqlol g‘oyalari va madaniy-ma’naviy qadriyatlarga e’tiqodining yuksalishi yo‘lidagi ibratli faoliyati, keng ko‘lamli islohotlarni jadallashtirishdagi faol ishtirokini rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi davlat mukofotini Ulug‘ho‘jayeva Muqaddas, Usubjonova Shoxsanam, Yoqubjonova Shaxnoza, Tojiboyeva Olima, Ahmadjonova Muhayyo kabi 5 nafar Kosonsoylik qizlarimiz qo‘lga kiritganini ham alohida e’tirof etish lozim.
Qadrli opa-singillar!
Hurmatli Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning og‘irini yengil qilish, ular uchun barcha sohalarda zarur sharoitlarni yaratib berish doimo davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.”
Yangilangan Konstitutsiyadagi ijtimoiy davlat tamoyiliga muvofiq, ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijasida har bir mahallada xotin-qizlarning holati o‘rganilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand
5727 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga kiritildi.
Joriy yilda ularning har biri bilan manzilli ishlab, nogironligi bo‘lgan 1229 nafar ayolga sanatoriy, shifoxona va o‘zlari yashayotgan mahallada tibbiy yordam ko‘rsatildi, bundan tashqari “Ayollar daftari”ga kiritilgan boquvchisini yo‘qotgan
589 nafar, 1-2 guruh nogironligi bo‘lgan tezkor tibbiy yordamga muhtoj 512 nafar, qaramog‘ida nogiron farzandi bor 313 nafar xotin-qizlarga 1 mlrd 200 mln so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam berildi, yana
4 nafar uy-joysiz ayollar ijtimoiy uy bilan ta’minlandi, 2452 nafar mehnatga layoqatli va ish izlayotgan opa-singillarimiz ishga joylashtirildi.
Shuningdek, og‘ir vaziyatga tushib qolgan 650 nafar xotin-qizlarga psixologik yordam ko‘rsatildi. Ayollar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport ommalashib borayotgani jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirishga katta turtki bermoqda. Shu bois, bu yil barcha mahallalardagi 1000 nafardan ortiq xotin-qizlar ommaviy sport musobaqalariga jalb qilindi.
Shuningdek, keyingi yillarda xotin-qizlarning sifatli ta’lim olishiga alohida e’tibor qaratilayotgani natijasida 11 nafar ijtimoiy himoyaga muxtoj, boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlarga 112 mln so‘mga yaqin kontrakt puli to‘lab berildi. Hozirgi vaqtda
10 nafardan ortiq xotin-qizlar ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanmoqda, ilmiy ishlanmalarning 25 foizini olima ayollar yaratmoqda.
Eng asosiysi xotin-qizlar bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha ham juda katta dasturlar amalga oshirildi. Jumladan, o‘tgan yilning o‘zida bu maqsadlarga 2 mlrd so‘m kredit ajratildi. Ana shunday e’tibor tufayli 130 dan ortiq ayolllarimiz tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqdalar. Jumladan Rahimova Malikaxon
2025-yilda 200 mln so‘m miqdorida kredit evaziga do‘ppi tikish dastgohi olib, do‘ppichilik bilan shug‘ullanib hozirgi kunda Xitoy davlatidan olib kelinadigan do‘ppi ishlab chiqarish uchun kerakli bo‘ladigan xom ashyoni o‘zi ishlab chiqarmoqda va Marg‘ilon hurnamandlari bilan hamkorlikda ishlamoqda. Kasanachilik asosida Chust tumani va o‘zimizni tumanimizdagi do‘ppichi ayollarimizga yarim tayyor mahsulotni yetkazib bermoqda va
75 nafardan ortiq xotin-qizlarni ish bilan ta’minladi. Oylik daromadi
15-20 mln so‘mni tashkil etmoqda.
Tumanimiz xotin-qizlari qishloq-xo‘jaligi sohasida ham faol ishtirok etmoqdalar. Jumladan, 2025-yilning yakuni bo‘yicha Dehqonchilikni handalagi hisoblangan pilla yetishtirish uchun
3 483 quti ipak qurtini parvarishlab, belgilangan rejadagi 209 tonna pilla xomashyosi xirmoni yaratilib, reja
100 foizga bajarilishida fidoyi ayollarimizning mehnatlari yotibdi.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Albatta, bu kabi muvaffaqiyatlar zamirida eng avvalo Davlatimiz rahbari tomonidan siz aziz ayollarga qaratilayotgan katta e’tibor, berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar yotibdi. Sizlarni o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan yana bir bor chin yurakdan tabriklab, kelgusi ishlaringizda ulkan yutuq va omadlar tilayman.
Jonajon Vatanimizning yangi yuksalish davrini barpo etishda aziz ayollarimiz doimo oldingi safda bo‘ladilar, deb ishonaman.
Sizlarni bugungi qutlug‘ bayram bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik, dunyodagi eng katta boylik – oilaviy baxt-saodat yor bo‘lishini tilayman.
