Nishonda aniqlik, maqsadda qat’iyat: Sodiqjon Abdullaevning yuksalish yo‘li
2026-03-24 23:00:00 / Yangiliklar

Bugungi globallashuv davrida sport nafaqat jismoniy kuch sinovi, balki millat sha’ni va g‘ururini namoyon etadigan yuksak maydonga aylangan. Ana shunday maydonda yangi avlod vakillari orasidan o‘zining qat’iyati, intizomi va mashaqqatli mehnati bilan ajralib chiqayotgan yosh iste’dodlar ko‘zga tashlanmoqda. Ular safida «o‘q otish» sport turi bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Sodiqjon Abdullaev alohida e’tibor qozonmoqda.
2005 yil 11 mart kuni Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida dunyoga kelgan Sodiqjonda sportga bo‘lgan qiziqish bejiz uyg‘onmagan. 2019 yil yanvar oyida u ilk bor mashg‘ulotlarga kirishar ekan, bu yo‘lda eng birinchi ustoz sifatida otasi Tohirjon Abdullaev yonida bo‘ldi. «Vatanparvar» tashkiloti Namangan viloyati kengashi Kosonsoy tumani o‘quv sport texnika klubida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar yosh sportchining hayotida burilish nuqtasiga aylandi. «O‘q otish» va «yozgi biatlon» bo‘yicha olingan dastlabki saboqlar unda nafaqat texnik ko‘nikmalarni, balki sabr, diqqat va iroda kabi muhim fazilatlarni shakllantirdi.
Sportchining keyingi rivojlanish bosqichi tajribali murabbiylar Muhabbat Kondakova hamda Tatyana Tarasova bilan bog‘liq. Ularning rahbarligida Sodiqjon o‘z ustida tinimsiz ishladi, murakkab mashqlarni puxta o‘zlashtirdi va eng muhimi, musobaqalardagi ruhiy bosimni yengib o‘tishni o‘rgandi.
2022 yil yosh sportchi uchun muhim burilish davri bo‘ldi. O‘zbekiston chempionatida 25 metr masofaga mo‘ljallangan mayda kalibrli pistolet (MP-5) mashqida 3-o‘rinni egallashi uning katta sport sari dadil qadamini ko‘rsatdi. Oradan ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston Kubogida 10 metr masofada pnevmatik pistolet (PP-3) mashqida g‘olib chiqib, sport ustasi nomzodligini qo‘lga kiritdi. Aynan shu natijalar uning milliy terma jamoaga qabul qilinishiga mustahkam zamin yaratdi.
Xalqaro maydondagi chiqishlar esa qahramonimizning salohiyatini yanada yaqqol namoyon etdi. 2022 yilda Janubiy Koreyada o‘tkazilgan Osiyo chempionatida jamoaviy bahsda bronza medalni qo‘lga kiritgan yosh sportchi ilk bor yirik arenada o‘z nomini tanitdi. 2023 yilgi Jahon chempionatida 4-o‘rinni egallashi esa uning imkoniyatlari bundan ham keng ekanini ko‘rsatdi. Minsk shahrida o‘tkazilgan MDH o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan bronza medal Sodiqjonning barqaror o‘sishda ekanini tasdiqladi. 2025 yilda Qozog‘istonda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 4-o‘rin, «V. Pochivalov» xalqaro turnirida esa kumush medal bularning barchasi izchil mehnat mahsuli edi.
Ichki musobaqalarda ham u yetakchilar safidan mustahkam o‘rin egallab kelmoqda. 2023 yilda O‘zbekiston Kubogi va ochiq chempionatlarda bir nechta yo‘nalishlarda yuqori natijalarga erishdi. 2024 yilgi chempionatlarda sovrinli o‘rinlar bilan cheklanib qolmadi, balki o‘z ustida ishlashni yanada kuchaytirdi. 2025 yil esa uning uchun alohida ahamiyat kasb etdi mamlakat miqyosidagi musobaqalarda g‘alabalar va yuqori natijalar ketma-ketligi kuzatildi.
2026 yil fevral oyida Hindistonning Nyu-Deli shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionati Sodiqjon Abdullaev faoliyatida yangi bosqichni boshlab berdi. Hal qiluvchi pallalarda sovuqqonlikni saqlab qolgan holda u yakunda 2-o‘rinni egalladi. Kumush medal bu shunchaki natija emas, balki yillar davomida to‘plangan tajriba, iroda va ishonchning mujassam ifodasi bo‘ldi.
Sodiqjon Abdullaevnning hayoti faqat sport bilan chegaralanmaydi. U Alfraganus universitetining jismoniy tarbiya va sport fakulteti 4-bosqich talabasi. Bu esa uning kelajakda keng dunyoqarashga ega, yetuk mutaxassis sifatida shakllanishiga xizmat qiladi.
E’tiborlisi, uning yo‘li oddiy g‘alabalar ketma-ketligidan iborat emas. Har bir medal ortida tong sahardan boshlangan mashg‘ulotlar, yuzlab takrorlangan zarbalar, ichki kurash va sinovlar yotadi. Nishonga qarata bosilgan har bir o‘q bu nafaqat sport harakati, balki aniq maqsad sari yo‘naltirilgan qat’iy qarorning ifodasidir.
Sodiqjon Abdullaev bugun o‘zbek sportining ertangi kuni haqida ishonch bilan gapirish imkonini berayotgan yoshlardan biridir. Uning yutuqlari yoshlar uchun ibrat maktabi, orzular sari dadil qadam tashlashga undovchi kuchdir. Eng muhimi, u allaqachon katta sahnaga chiqdi, endi esa bu sahnada o‘z so‘zini yanada balandroq aytish fursati yetib kelmoqda.
Sanjarbek HAMIDOV.
