Korrupsiyaga qarshi kurash: Rigada O‘zbekiston delegatsiyasi
2026-05-18 12:45:00 / Yangiliklar

Latviya poytaxti Riga shahrida O‘zbekiston fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari ishtirokida yozgi maktab o‘z ishini boshladi.
Mazkur dastur "Transparency International Latviya" tomonidan Latviya Respublikasi Markaziy moliya-shartnoma agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda boshqaruvni takomillashtirish — korrupsiyaning inklyuziv profilaktikasi” loyihasi doirasida tashkil etildi.
2026-yil 20–25-aprel kunlari davom etadigan dastur doirasida ishtirokchilar davlat resurslarini boshqarishdagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda davlat xaridlarini samarali monitoring qilish bo‘yicha Latviyaning ilg‘or tajribasini o‘rganmoqdalar. Shuningdek, Latviya davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlariga amaliy tashriflar tashkil etilgan.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibiga mahalliy va milliy nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimlari kirgan. Ular davlat sektorini isloh qilish va korrupsiyaga qarshi kurashda fuqarolik jamiyati ishtirokini kengaytirish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganmoqdalar.
E’tiborlisi, ushbu dasturda Konimex tumani Nogironlar jamiyati hududiy bo'linmasi raisi Narziyeva Samiya Axralovna ham ish ishtirok etmoqda.
Dasturning asosiy maqsadi nogironligi bor fuqarolarni korrupsiyani oldini olish va davlat boshqaruvida shaffoflikni ta’minlash jarayonlariga keng jalb etish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni joriy etishdan iborat.
