Korrupsiyaga qarshi kurash: axborot xizmatlari oldidagi mas’uliyat
2026-05-18 10:30:00 / Yangiliklar

Navoiyda media haftalik doirasida “Korrupsiyaga qarshi kurashda axborot xizmatlarining roli va vazifalari” mavzusida trening o‘tkazildi. Unda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash orqali korrupsiyaning oldini olish mexanizmlarini qanday samarali yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
OAV uchun kontent tayyorlash markazi Komplaens xizmati mutasaddisi Ulug‘bek Kurbanbaev Navoiylik axborot xizmatlari rahbarlari va xodimlariga ushbu yo‘nalishda zarur bilim va ko‘nikmalarni amaliy keyslar orqali yetkazdi. Shuningdek, qonunchilikdagi talablar, korrupsiyaga oid holatlar uchun javobgarlik va jazolarning muqarrarligi yuzasidan aniq tushuntirishlar berildi.
Ta’kidlanganidek, korrupsiya – jamiyat taraqqiyotiga to‘sqinlik qiluvchi jiddiy illat. Unga qarshi kurashishda axborot xizmatlari faoliyati ochiqlik, aniqlik va ishonch tamoyillariga tayanishi, bu jarayonga feyk axborotlarning oldini olish darajasidagi mas’uliyat bilan yondashish zarurligi alohida qayd etildi.
