Oʻzbekiston fermerlari kengashi Rayosati a'zolarining barcha mirishkor fermerlarga, bobo dehqonlarga hamda qishloq xoʻjaligi sohasiga tegishli korxonalarga MUROJAATI
2026-03-27 10:55:00 / Yangiliklar

MAMLAKATIMIZ OZIQ-OVQAT XAVFSIZLIGINI TA'MINLASHDA OʻZ HISSANGIZNI QOʻSHING, AYNIQSA KARTOSHKA VA BOSHQA ZARUR MAHSULOTLARNI EKISHNI QISQA MUDDATDA YAKUNLAB, QOʻSHIMCHA DAROMADGA EGA BOʻLING!
Hurmatli fermerlar, dehqonlar va qishloq xoʻjaligi sohasi fidoyilari!
Siz aziz dehqonlarning yaratuvchanlikka asoslangan mehnatingiz asrlar davomida xalqimizning farovon turmushi, toʻkin dasturxonining asosiy sababi sifatida yuksak e'tirof etilgan va qadrlangan.
Bugungi kunda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash – nafaqat qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirish, balki iqlim oʻzgarishlari ta'sirini yumshatish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, aholi farovonligini oshirishning ustuvor yoʻnalishiga aylanmoqda.
Davlatimiz rahbari Navroʻz umumxalq bayrami tadbirida mirishkor dehqon va fermerlarimizga yuksak hurmat va ehtirom bildirib, ularning xalqimiz dasturxonini toʻkin va farovon qilishdek sharafli mehnatini e'tirof etdi, bu borada davlat va jamiyat tomonidan doimiy qoʻllab-quvvatlash davom ettirilishini ta'kidladi.
Ushbu qoʻllab-quvvatlashdan ruxlanib, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash – har birimizdan mas'uliyat va faollikni talab qilayotgan eng dolzarb vazifalardan ekinligini his qilib, kartoshka, sabzavot va poliz mahsulotlarini qisqa muddatlarda ekishni tashkil etib, ichki ehtiyojni toʻliq qondirish orqali bozorlarda narxlar barqarorligini ta'minlashda oʻz hissamizni qoʻshaylik.
Har bir qarich yer – imkoniyat. Undan oqilona foydalanish esa nafaqat shaxsiy manfaat, balki yurtimiz farovonligiga qoʻshilgan hissadir shiori bilan bir qarich yerimizga ham mahsulot ekishni tashkil etaylik.
Keling, birgalikda harakat qilib, xalqimiz dasturxonini toʻkin, yurtimizni yanada farovon qilaylik!
Bugun fermerlarimizning nafaqat qishloq xoʻjaligi, balki iqtisodiyotni yuksaltirish, aholi turmushini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi ishlari e'tirof etilishi shu muqaddas zaminda tavallud va tarbiya topgan, oʻzini aynan shu yurt farzandi deb bilguvchi Siz aziz fermerlarni oʻz davlati, xalqi oldidagi, uni umidlar bilan tarbiyalagan, voyaga yetkazgan jamiyat oldidagi burchini ado etishga undashiga ishonamiz.
Himmati baland dehqon va fermerlar!
Mamlakatimiz aholisini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan ta'minlash, xalqimiz dasturxoniga yetkazish, bozorlarimizda narx-navo oshib ketishining oldini olish eng asosiy vazifamiz ekanligini unutmasligimiz zarur.
Oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish strategik ahamiyatga ega boʻlishi bilan bir qatorda, dehqon va fermerlarimiz uchun yaxshi daromad topish manbai hisoblanadi. Ayniqsa, kartoshka yetishtirish nafaqat kundalik iste'mol mahsuloti, balki aholi iste'molida eng muhim oziq-ovqat mahsulotlaridan birdir.
Shu bois, oziq ovqat mahsulotlarini yetishtirish hajmini oshirish orqali narxlar barqarorligini ta'minlash, importga boʻlgan qaramlikni kamaytirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri ekanligini unutmaylik.
Keling, yurtimiz taraqqiyoti uchun birgalikda harakat qilaylik! “dolzarb bir oylik”da dala chetlaridan oqilona va samarali foydalanish orqali qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini, xususan, kartoshka hamda sabzavot va poliz ekinlarini ekishni yakunlang.
Bundan tashqari, bogʻ va qator oralaridan unumli foydalanib, qoʻshimcha ravishda sabzavot ekinlarini ekib, hosildorlikni oshirish va mahsulot turlarini koʻpaytirishga hamda shu orqali xalqimizning dasturxonini toʻkin, yurtimizni farovon qilishga oʻz hissangizni qoʻshing!
Mirishkor va fidoiy fermerlar!
Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlash, jumladan, sabzavot, kartoshka, poliz, va boshqa ekinlaridan yuqori hosil olish uchun mart-aprel oylarida, ya'ni “dolzarb bir oylik”da biz fermerlar tomonidan sabzavot urugʻlarini oʻz vaqtida yerga qadab, agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish zarurligi hamda erta ekib qoʻshimcha daromad olishingizni yurakdan his etib, quyidagi tadbirlarni ogʻishmay amalga oshiring:
birinchidan - har bir fermer xoʻjaligi tomonidan “dolzarb bir oylik” davomida ekinlarni joylashtirish roʻyxatiga muvofiq ochiq maydonlarda kartoshka, sabzavot va poliz ekinlarini ekishni yakunlang;
ikkinchidan - 10 kunlik muddatda dala chetlariga sabzavot, poliz, moyli, dukkakli yoki makkajoʻxori urugʻi va koʻchatlarini ekishni tashkil eting;
uchinchidan - ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni kuchaytiring, sifatli va sertifikatlangan urugʻdan eking;
toʻrtinchidan - tijorat banklari orqali kartoshka yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun hosil qiymatining 50 foizigacha yillik 12 foiz stavkada 6 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga sugʻurta polisi asosida ajratiladigan kreditlar foydalanib, kartoshkani oʻz vaqtida ekib, qoʻshimcha daromad oling;
beshinchidan- kartoshka, sabzavot va boshqa ekinlar yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etib, qarorda belgilangan imtiyozlardan foydalaning;
oltinchidan - kartoshka, sabzavot va boshqa ekinlarga kasallik va zararkunandalarga qarshi samarali kurash choralarini koʻring, mineral va organik oʻgʻitlardan belgilangan me'yor asosida foydalanib, yuqori hosil olishga va qoʻshimcha daromad olishga erishing.
Hurmatli fermer va dehqonlar!
Shu munosabat bilan barchangizni “dolzarb bir oylik” doirasida mavjud yer maydonlaridan, jumladan, dala chetlari, bogʻ va qator oralaridan samarali foydalanib, kartoshka va boshqa oziq-ovqat ekinlarini ekish ishlarini qisqa muddatda yakunlashga chaqiramiz.Qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekishni shunday koʻtarinkilik bilan tashkil qilaylikki, toki har bir Oʻzbekistonlikman, degan inson oʻzini dehqondek his etsin.Bobodehqon yelkasidagi yukni koʻtarishga kamarbasta, farovonlik yoʻlida el-yurtga xizmat qilish kabi yuksak insoniy fazilatlarni namoyon qilib, dehqonlarning zafarlaridan faxrlanish hissi yuragingizda joʻsh ursin!
Barchangizni shunday ezgu amallarni bajarishda faol ishtirok etishga chorlab, iqtisodiyotimizni yuksaltirish, ona yurtimiz yanada obod boʻlishi uchun munosib hissangizni qoʻshishga hamda “Dolzarb bir oylik” mobaynida qishloq xoʻjaligi ekinlarini oʻz muddatlarida ekishga hamda yuqori hosil olishga da'vat etamiz!
Oʻzbekiston fermerlari kengashi Rayosat a'zolari
