🕊Kitob tumani hokimi Rustam Abdirasulovich Gafurovning Oʼzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligiga bayram TАBRIGI
2025-08-31 09:00:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum muhtaram yurtdoshlar!
Hurmatli kitobliklar!
Avvalo, siz azizlarni, mamlakatimiz tarixidagi eng ulug‘ va eng aziz ayyom — “Vatan uchun, xalq uchun, millat uchun!” g‘oyasi ostida o‘tkazilayotgan O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yillik bayrami bilan chin dildan tabriklayman.
Ma’lumki, mustaqillik yillarida mamlakatimizda misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Shahar va qishloqlarimiz qiyofasi tubdan o‘zgardi, ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.
Ayniqsa, yurtimizda keyingi olti-yetti yil ichida bajarilgan ishlar haqida juda ko‘p gapirish mumkin. Xalqimizning farovon yashashini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish islohotlar bosh maqsadi bo‘ldi. Hayotimizga “Yangi O‘zbekiston” degan tushuncha kirib keldi va inson qadrini ulug‘lash yuksak qadriyat darajasiga ko‘tarildi. Shu sababli ham Prezidentimiz:
“Insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak”, dedilar.
Aziz yurtdoshlar!
Mustaqillik yillarida tumanimizda ham ko‘plab obodonchilik, bunyodkorlik ishlari bajarildi. Birgina Mustaqillik bayramining 34 yilligi 34 ta yangi ijtimoiy infratuzilma obyektlari, shuningdek, tadbirkorlar tomonidan qurilgan ta’lim, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari bilan kutib olinmoqda.
Tumanimizda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, mahalla va qishloqlarni obod qilish, yashil makonlarni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Elimizning munosib hayot kechirishini ta’minlash maqsadida uy-joy bilan bog‘liq muammolar hal etilmoqda.
Jumladan, 2025 yilning o‘tgan oylarida tumanimizda umumiy qiymati 48 mlrd so‘m bo‘lgan uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirildi. Natijada 120 ta oila o‘z uy-joyiga ega bo‘ldi.
Shuningdek, qiymati 50 mlrd 602 mln so‘m bo‘lgan ijtimoiy-infratuzilma obyektlari, jumladan, 5 ta maktab, 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 2 ta suv inshooti qurildi yoki mukammal ta’mirlandi.
Ijtimoiy sohada qilinayotgan islohotlar ham o‘z samarasini bermoqda. Yoshlarimizning aqliy salohiyati yuksalmoqda. O‘quv yili yakunida 476 nafar bitiruvchilarimiz turli fanlardan milliy sertifikatni qo‘lga kiritishdi. 261 nafar bitiruvchi muddatidan oldin talaba bo‘ldi. Bitiruvchilarning 1463 nafari, ya’ni 43 foizi oliy o‘quv yurtlari talabasi bo‘lishdi.
Muhtaram yurtdoshlar!
Joriy yilda tumanimizda umumiy qiymati 51 mln AQSh dollari bo‘lgan investitsiya loyihalari amalga oshirilib, yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bu loyihalarning katta qismi turizm salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Masalan, o‘tgan oylar davomida birgina Qaynar hududida 13,5 mln dollarlik investitsiya loyihalari doirasida dam olish uylari, mehmonxonalar, restoranlar qurildi. Qaynar va Bashir qishloqlariga “Turizm qishlog‘i” maqomi berildi.
“Ochiq byudjet” loyihasi doirasida yo‘l, ichimlik suvi, ta’lim va sog‘liqni saqlash obyektlarini ta’mirlashga 24 mlrd 454 mln so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, xalqimizning kundalik hayoti uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Tumanimizda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar ham e’tiborga sazovor. Masalan, Kitob–Shahrisabz yo‘lining 2,5 km qismini tubdan ta’mirlash uchun 75 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirildi va hozirda qurilish ishlari davom etmoqda.
Kitob–Miraki yo‘nalishida esa 13,5 mlrd so‘mlik ish bajarilib, 10,5 km yo‘l asfalt qilindi. O‘tgan oylar davomida 15 km ichki yo‘llarga shag‘al to‘kildi.
Oldinda amalga oshirmoqchi bo‘lgan ishlarimiz, rejalarimiz yanada kattadir.
Hurmatli kitobliklar!
Qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimiz, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarning barchasi, eng avvalo, mustaqillik sharofati ekanini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Prezidentimiz aytganlaridek, har bir xalq faqat erkin va ozod bo‘lgan taqdirdagina o‘z hayoti va kelajagini mustaqil barpo etish huquqiga ega bo‘ladi.
Yana bir bor siz azizlarni Respublikamiz mustaqilligining 34 yillik bayrami bilan samimiy tabriklayman. Sizlarga sog‘lik-salomatlik, uzoq umr tilayman. Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin.
Samimiy hurmat va cheksiz ehtirom bilan
Kitob tumani hokimi
Rustam Abdirasulovich Gafurov
