Kitob tumanida “Quyoshli xonadon”lar soni ortmoqda
2025-05-30 18:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-apreldagi qaroriga muvofiq, “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida aholiga quyosh panellari o‘rnatish orqali elektr energiyasidan foydalangan holda daromad topish imkoniyati yaratilgan. Unga ko‘ra, ishlab chiqarilgan va yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan har bir kilovatt-soat elektr energiyasi uchun jismoniy shaxslarga 1 000 so‘m miqdorida subsidiya ajratilishi belgilangan.
Ushbu imkoniyatdan Kitob tumanida ham keng foydalanilmoqda. Jumladan, “Alaqo‘yliq” mahallasida yashovchi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan quyosh panellari faol tarzda o‘rnatilmoqda. Ayni paytga kelib, mahalladagi quyosh panellari umumiy quvvati 200 kVtdan oshdi.
E’tiborlisi shundaki, aholining energiya tejamkor texnologiyalariga bo‘lgan qiziqishi ortib bormoqda. Quyosh panellari yordamida fuqarolar nafaqat o‘z xonadonlarini elektr energiyasi bilan ta’minlamoqda, balki qo‘shimcha daromad ham topishmoqda. Bu esa yashil energiya rivojiga xizmat qilishi bilan birga, oilaviy byudjetga ham sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, subsidiya olish jarayoni ham soddalashtirilgan. Fuqarolar “Soliq” mobil ilovasining “Keshbek va imtiyozlar” bo‘limidagi “Quyoshli xonadon” xizmati orqali o‘z mablag‘larini bank kartalariga osonlik bilan o‘tkazib olishlari mumkin.
Kitobliklar orasida bunday ilg‘or va zamonaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlovchi fuqarolar sonining ortib borayotgani quvonarli holatdir. Bu esa hududda ekologik toza energiyadan foydalanish madaniyatining yuksalib borayotganidan dalolat beradi.




