Prezident Farmoni ijrosi doirasida Sog‘liqni saqlash vaziri Kitob tumaniga tashrif buyurdi
2025-05-22 12:05:00 / Yangiliklar

Bugun O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov Qashqadaryo viloyatining Kitob tumaniga tashrif buyurdi. Tashrif davomida vazir hududda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va mavjud holat bilan yaqindan tanishdi.
Vazir tumandagi tibbiyot birlashmasida mutasaddi rahbarlar bilan uchrashib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish va sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-88-sonli Farmoni ijrosi yuzasidan fikr almashdi. Uchrashuvda mazkur hujjatning mazmun-mohiyati, unda belgilangan vazifalar, shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimida kutayotgan tub o‘zgarishlar haqida batafsil so‘z yuritildi.
Tadbir doirasida Kitob tuman tibbiyot birlashmasining tajriba-sinov loyihasi asosida ko‘p tarmoqli shifoxonaga aylantirilishi, bunda tizimning tashkiliy, boshqaruv va moliyaviy jihatdan birlashtirilishi haqida ham atroflicha fikr yuritildi. Ushbu yangilik tibbiyot muassasasining samaradorligini oshirish, fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Mazkur tashrif chog‘ida sog‘liqni saqlash vaziri viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Alisher Boboyev hamda Kitob tumani hokimi Rustam Gafurovga zarur ko‘rsatma va tavsiyalarni berdi. Ular orqali Prezident Farmonida belgilangan vazifalarning amaliy ijrosini ta’minlash, hududda tibbiy xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha muhim yo‘nalishlar belgilab olindi.
Tashrif yakunida vazir Kitob tumanidagi bir qator tibbiyot muassasalari faoliyati bilan ham tanishib, ularning moddiy-texnik bazasi, tibbiyot xodimlarining malakasi va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi.









