Giyohvandlikka qarshi kurash
2026-09-09 14:00:00 / Yangiliklar

Giyohvand moddalar — ulkan insoniy azob-uqubatlar manbai. Aholining eng zaif qatlamlari, ayniqsa, yoshlar ushbu illatning asosiy og‘irligini o‘z zimmalariga olmoqdalar. Giyohvandlik muammosi butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlarga ta’sir ko‘rsatadigan global muammodir. Butunjahon hisobotlariga ko‘ra, dunyoda 316 millionga yaqin odam giyohvand moddalarni iste’mol qiladi.
Oxirgi yillarda davlatimizda giyohvand moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlar darajasi sezilarli darajada oshib bormoqda. Bu esa yoshlar o‘rtasida demografik ko‘rsatkichlarni yomonlashtiradi va jamiyatni kriminallashtiradi, mamlakatning milliy xavfsizligi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga tahdid soladi.
Surunkali ishsizlik yoshlarni g‘ayriijtimoiy xulq-atvorga va keyinchalik giyohvand moddalarni iste’mol qilishga hamda jinoiy faoliyatga olib kelayotgan asosiy omillardan biri hisoblanadi. Giyohvandlikka chalingan bemorlar, odatda, hech qayerda ishlamaydilar va shu tariqa amalda iqtisodiy faoliyatdan chetlatiladilar. Giyohvand moddalarni iste’mol qilishga asosan 14 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar guruhi jalb etilgan bo‘lib, bu davlatga iqtisodiy, demografik va ijtimoiy zarar yetkazadi. Shu bilan birga, giyohvandlikning tarqalishi barcha darajadagi budjetlarning huquqni muhofaza qilish faoliyatiga, giyohvandlikka chalingan bemorlarni davolash va reabilitatsiya qilishga sarflanadigan xarajatlarining ko‘payishiga olib kelmoqda. Giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishning muhim chorasi O‘zbekiston Respublikasining ushbu sohadagi qonunchiligini takomillashtirishdir. Giyohvandlikka qarshi kurashishni samarali amalga oshirishga ushbu huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazaning nomukammalligi to‘sqinlik qilishi mumkin.
Shu munosabat bilan Yurtboshimiz tomonidan 2026-yil 11-iyunda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunining qabul qilinishi muhim qadam bo‘ldi, unda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlik yanada kuchaytirildi. Ushbu Qonun bilan Jinoyat kodeksiga, Jinoyat-protsessual kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiqlashtiruvchi o‘zgartirishlar kiritildi.
Biroq, ko‘rsatilgan o‘zgarishlarni kiritishning o‘zi yetarli emas. Davlatimizda giyohvandlikka qarshi kurashishda birinchi navbatda davlat, mahalla, ta’lim muassasalari va fuqarolik jamiyatining yaqin hamkorligiga tayanishi lozim.
Ommaviy roliklar, axborot mashg‘ulotlari, ayniqsa yoshlar o‘rtasida giyohvandlik moddalarini iste’mol qilishni oldini olish bo‘yicha profilaktika ishlari olib borilishi lozim. Ushbu profilaktika ishlari tufayli odamlar giyohvand moddalarning halokatli ta’siri haqida yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lib, o‘zlarini ushbu halokatli muammodan himoya qilishga harakat qilishadi. Bu odamlar va jamiyatga ham ruhiy, ham jismoniy jihatdan sog‘lom bo‘lishga yordam beradi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Kitob tumani sudining tergov sudyasi:
Aripov Timur Usanovich
