Kitob tumani prokurori Xurshid Baxromovning tuman aholisiga MUROJAATI
2026-09-08 17:00:00 / Yangiliklar

Hurmatli Kitob tumani aholisi!
Mamlakatimizda fuqarolarning tinch va osoyishta hayotini ta’minlash, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit, manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–1 va PQ–2-sonli qarorlari bilan huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etishning zamonaviy, tizimli va manzilli mexanizmlari amaliyotga joriy etildi.
Mazkur islohotlarning asosiy maqsadi — mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, jinoyatchilikni barvaqt oldini olish hamda aholi bilan yaqindan hamkorlik qilishdan iborat.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, xavfsiz muhitni ta’minlash faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas. Bu borada har bir fuqaroning ogohligi, qonunlarga hurmati, fuqarolik mas’uliyati hamda mahalla hayotiga daxldorlik hissi muhim o‘rin tutadi.
Afsuski, bugungi kunda sodir etilayotgan ayrim o‘g‘rilik jinoyatlari fuqarolarning beparvoligi, mol-mulkni yetarli darajada himoya qilmasligi, xonadon va xo‘jalik obyektlarida xavfsizlik choralariga to‘liq amal qilmasligi oqibatida yuz bermoqda.
Shu bois, har bir xonadon egasini o‘z mol-mulki va chorva mollarining xavfsizligini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratishga chaqiramiz. Zarurat tug‘ilganda videokuzatuv kameralarini o‘rnatish, hududlarni tungi yoritish vositalari bilan ta’minlash, zamonaviy qulf va himoya tizimlaridan foydalanish kabi profilaktik choralar jinoyatchilikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Aziz yurtdoshlar!
Jinoyatchilikka qarshi kurashishda fuqarolarning hushyorligi va o‘zaro hamkorligi eng muhim omillardan biridir. Mahallangizda shubhali holatlar yoki huquqbuzarlik alomatlariga duch kelsangiz, bu haqda zudlik bilan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishingizni so‘raymiz.
Unutmang, qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda har qanday jinoyat uchun jazo muqarrardir.
Bugungi ogohlik va mas’uliyatimiz ertangi tinchligimiz, farovonligimiz hamda farzandlarimizning xavfsiz kelajagini ta’minlaydi.
Xurshid Baxromov
Kitob tumani prokurori
