MUROJAAT
2026-07-09 18:00:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum, hurmatli tumanimiz fuqarolari va aziz mehmonlar!
Yurtimizda yoz mavsumida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarning oldini olish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda profilaktika tadbirlarining samaradorligini yanada oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha Hukumat komissiyasining 2026-yil 4-iyuldagi 125-son majlisi bayoni ijrosiga asosan, 2026-yil 5-iyuldan 5-sentyabrga qadar respublika hududida "Dolzarb 60 kun" tadbiri o‘tkazilmoqda.
Mazkur tadbir doirasida quyidagi yo‘nalishlarda keng ko‘lamli profilaktik ishlar amalga oshiriladi:
-aholi yashash xonadonlari va ko‘p qavatli uy-joylarda elektr energiyasi, tabiiy hamda suyultirilgan gazdan xavfsiz foydalanish qoidalariga rioya etilishi o‘rganiladi va aniqlangan kamchiliklar bartaraf etiladi;
-ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy soha obyektlarida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha profilaktik ko‘riklar o‘tkaziladi;
-energiya ta’minoti hamda sanoat obyektlarida texnika va yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi nazorat qilinadi;
-bozorlar, savdo majmualari va odamlar gavjum joylarda yong‘in xavfsizligi talablari kuchaytiriladi;
-yirik ishlab chiqarish, qurilish, yonuvchan va portlash xavfi yuqori bo‘lgan obyektlarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish choralari ko‘riladi;
-yozgi oromgohlar, sanatoriylar va dam olish maskanlarida kuchaytirilgan profilaktik tadbirlar amalga oshiriladi;
-o‘rmon xo‘jaliklari hamda uy-joy fondi hududlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha nazorat kuchaytiriladi;
-2026–2027-o‘quv yili uchun test sinovlari o‘tkaziladigan obyektlarning yong‘inga qarshi holati belgilangan talablar asosida tayyorlanadi.
Hurmatli fuqarolar!
Yong‘in xavfsizligini ta’minlash har birimizning burchimizdir. Sizlardan elektr va gaz jihozlaridan foydalanishda ehtiyotkor bo‘lishingizni, ochiq olovdan foydalanish qoidalariga qat’iy rioya qilishingizni hamda farzandlaringizni nazoratsiz qoldirmasligingizni so‘raymiz.
Barchangizni "Dolzarb 60 kun" tadbirida faol ishtirok etishga, yong‘inlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashga chorlaymiz.
E'tiboringiz uchun rahmat!
