Yer daxlsizligi — qonun himoyasida!
2026-07-06 14:00:00 / Yangiliklar

Ko‘pchilik orasida hali ham «bo‘sh turgan yer ekan, devor bilan o‘rab olaman» yoki «davlatning yeriga imorat solib, keyin hujjat qilib olarman» degan noto‘g‘ri fikrlar uchrab turadi. Biroq bugungi qonunchilikda bunday harakatlar juda jiddiy huquqbuzarlik hisoblanadi. Jinoyat kodeksining 229¹-moddasiga ko‘ra, yerni o‘zboshimchalik bilan egallash — to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoyatdir.
Bugungi kunda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushbu moddaning to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishi davlat mulkini himoya qilish hamda aholi o‘rtasida huquqiy madaniyatni yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Jinoyat kodeksining 229¹-moddasi uch qismdan iborat.
Birinchi qism quyidagicha bayon qilingan:
Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish, xuddi shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Demak, yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan yoki unga nisbatan qonuniy huquqi bo‘lmagan holda undan foydalangan shaxs dastlab Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 60-moddasi ikkinchi va uchinchi qismlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi. Agar shaxs sodir etgan qilmishidan xulosa chiqarmay, bir yil ichida ushbu huquqbuzarlikni takror sodir etsa, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.
Moddaning ikkinchi qismi sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash holatlariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda quyidagicha belgilangan:
Sug‘oriladigan yer uchastkalarini ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olish bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, sug‘oriladigan yerlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun qonunchilikda yanada og‘irroq jazo choralari nazarda tutilgan bo‘lib, bunday holatlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.
Moddaning uchinchi qismiga ko‘ra, birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasini jinoyat aniqlangan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida qaytarsa hamda huquqbuzarlik oqibatlarini bartaraf etsa, unga nisbatan ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur moddaning asosiy maqsadi sohada qonun ustuvorligini ta’minlash, yerlarning talon-toroj qilinishining oldini olish hamda fuqarolarga muhim bir haqiqatni eslatishdir: bugun «yer yugurganniki» emas, balki hujjati borniki. Shuning uchun har qanday yer uchastkasidan foydalanish yoki unda qurilish ishlarini boshlashdan avval qonuniy qaror yoki tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan bo‘lishi shart. Aks holda, arzimagan deb o‘ylangan yer uchastkasi ham insonni sud zaliga olib kelishi mumkin.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Kitob tuman sudi raisi
A. Akbarov
