Til — millat ko‘zgusi: Soflik sari qadam
2026-07-04 10:00:00 / Yangiliklar

Hurmatli tumandoshlar!
Ona tilimizning sofligini asrash va kundalik nutqimizdagi g‘alizliklarga barham berish maqsadizda tashkil etilgan “SO‘ZDON” rukni siz aziz mushtariylarning yuksak qiziqishi va qo‘llab-quvvatlashi bilan davom etmoqda. O‘tgan sonlarimizda rasmiy ish yuritish hujjatlari va kundalik muloqotda eng ko‘p uchraydigan xatoliklarga to‘xtalib o‘tgan edik. Bu gal esa barchamiz har kuni bozorda, do‘konda, ko‘cha-ko‘yda yoki maishiy xizmat ko‘rsatish maskanlarida duch keladigan, biroq tilimizga moslab, buzib ishlatishga odatlanib qolgan atamalarni tahlil qilishni lozim topdik.
Quyida kundalik maishiy hayotimizda tez-tez quloqqa chalinadigan, lekin ko‘pincha noto‘g‘ri talaffuz qilinayotgan so‘zlar hamda ularning go‘zal, adabiy o‘zbekcha muqobillarini taqdim etamiz. Keling, bu so‘zlarni nafaqat o‘rganamiz, balki savdo va xizmat ko‘rsatish madaniyatimizda ham faol qo‘llashni odatga aylantiramiz.
Xizmat ko‘rsatish, savdo-sotiq va maishiy hayotdagi xatoliklar
|
№ |
Русча асли ва (қавс ичида бузиб айтилиши) |
To‘g‘ri o‘zbekcha muqobili |
|
1 |
Заказ (закас) |
Buyurtma |
|
2 |
Скидка (скитка / скидка) |
Chegirma |
|
3 |
Доставка (дастафка/дастапка) |
Yetkazib berish |
|
4 |
Пакет (пакет) |
Yelim xalta / Xaltacha |
|
5 |
Процент (просент / прасент) |
Foiz |
|
6 |
Расчёт (рашшот / расчот) |
Hisob-kitob |
|
7 |
Клиент (клиэнт / клинт) |
Mijoz / Xaridor |
|
8 |
Очередь (очирит / очират) |
Navbat |
|
9 |
Ценник (сенник) |
Narxnoma |
|
10 |
Сдача (сдача / здачи) |
Qaytim (pul qaytimi) |
|
11 |
Качество (качиства) |
Sifat |
|
12 |
Склад (Исклат / Искалот) |
Омбор / Ombor |
Aziz yurtdoshlar!
Savdo madaniyati va ko‘cha-ko‘ydagi o‘zaro muloqot ham millatning ma’naviy darajasini ko‘rsatuvchi muhim mezondir. Do‘konlarimizdagi peshlavhalar, narxnomalar va kundalik oldi-berdi jarayonlarida til qoidalariga rioya qilish — ona tilimizga bo‘lgan yuksak hurmatning belgisidir. Tilimizni birgalikda e’zozlaylik!
Mazkur rukndagi jadval muntazam ravishda to‘ldirib boriladi. Agar sizda ham ushbu sohada ishlatiladigan so‘zlarning buzib aytilishi va ularniyam o‘zbekcha muqobillari bo‘yicha fikr-mulohazalaringiz bo‘lsa, tahririyatimizga yo‘llashingiz mumkin.
Yashin TO‘RAEV,
Kitob tumani hokimining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi.
