DAVLAT TILI — MILLAT G‘URURI VA TARAQQIYOT OMILI!
2026-04-07 10:00:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda mamlakatimizda davlat tilining nufuzini oshirish, uni jamiyat hayotining barcha sohalarida to‘liq joriy etish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Zero, davlat tili — millatning ma’naviy qiyofasi, milliy o‘zligi va madaniy merosining ajralmas qismi hisoblanadi.
Davlat tiliga bo‘lgan ehtirom — bu Vatanga bo‘lgan hurmat va sadoqat ifodasidir. Shu bois har bir rahbar, har bir xodim va har bir fuqaro o‘z faoliyatida davlat tili qoidalariga qat’iy amal qilishi zarur.
Amaliy kuzatuvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim tashkilot va muassasalarda davlat tilidan foydalanishda qator kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Xususan:
-
Rasmiy hujjatlarda imlo va uslubiy xatolarga yo‘l qo‘yilmoqda;
-
Tashqi lavha va reklamalarda davlat tili ustuvorligi ta’minlanmayapti;
-
Ayrim hollarda nomlar va yozuvlar chet tillarda berilib, davlat tili ikkinchi o‘ringa tushib qolmoqda;
-
Xizmat ko‘rsatish sohalarida davlat tilida muloqot madaniyati yetarli darajada emas.
Bu kabi holatlar tilga nisbatan beparvolikni keltirib chiqarib, uning jamiyatdagi nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Asosiy vazifalar
Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida quyidagilarga alohida e’tibor qaratish lozim:
-
Barcha tashkilot va muassasalarda ish yuritishni to‘liq davlat tilida tashkil etish;
-
Tashqi yozuvlar, peshtaxta va reklamalarni davlat tili qoidalariga muvofiq rasmiylashtirish;
-
Tadbirkorlik subyektlari tomonidan iste’molchilarga taqdim etiladigan barcha axborotlarni davlat tilida berish;
-
Xodimlarning davlat tili bo‘yicha savodxonligini oshirish.
Muhim: Ayniqsa, tashqi reklamalarda davlat tili birinchi o‘rinda, to‘g‘ri imlo va ravon uslubda aks ettirilishi shart.
Huquqiy asoslar
Davlat tilini rivojlantirish va uning qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida bir qator muhim hujjatlar qabul qilingan. Jumladan:
-
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi PF-5850-son Farmoni — “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”;
-
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi PQ-4865-son qarori — “O‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”;
-
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining davlat tilida ish yuritishni takomillashtirishga qaratilgan qarorlari.
Mazkur hujjatlarda davlat tilining jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash, uning sofligini saqlash va barcha sohalarda qo‘llashni ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash muhimki, davlat tili — bu faqat muloqot vositasi emas, balki millat g‘ururi, ma’naviyati va kelajagidir. Uni asrash, rivojlantirish va hayotimizda keng qo‘llash har birimizning muqaddas burchimizdir.
Shu munosabat bilan tumandagi barcha tashkilot va muassasalar, tadbirkorlik subyektlari hamda fuqarolarni davlat tiliga yuksak hurmat bilan munosabatda bo‘lishga, uning nufuzini oshirishga hissa qo‘shishga chaqiramiz.
Yashin To‘rayev, Kitob tumani hokimining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi
