RASMIY MUNOSABAT
2026-03-27 18:00:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Kitob tumani markazidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lining qatnov qismida shag‘al sochilib yotganligi hamda mazkur holatga mutasaddi idoralarning e’tiborsizligi yuzasidan bildirilgan tanqidiy fikrlar yuzasidan Kitob tumani hokimligi Axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi:
O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, mazkur holat D-160 “Kitob – Shahrisabz” avtomobil yo‘li yoqasini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarining tarkibiy qismi hisoblanadi. Ayni vaqtda ushbu yo‘l bo‘ylab yashil maydonlar yaratish hamda mavjud ekinlarni tizimli sug‘orish maqsadida maxsus suv quvurlari o‘tkazish jarayonlari olib borilmoqda.
Yo‘l chetidagi shag‘al va tuproq uyumlari quvurlar yotqizish uchun amalga oshirilayotgan texnik tadbirlar natijasida yuzaga kelgan vaqtinchalik holatdir. Qurilish-montaj va muhandislik tarmoqlarini o‘tkazish ishlari yakunlanishi bilan mazkur hududda tozalash va tartibga keltirish ishlari amalga oshiriladi, barcha noqulayliklar to‘liq bartaraf etiladi.
Kitob tumani hokimligi yo‘l harakati ishtirokchilaridan ushbu bunyodkorlik jarayonlarida yuzaga kelayotgan vaqtinchalik noqulayliklarni to‘g‘ri tushunishlarini so‘raydi. Shuningdek, jamoatchilik nazorati va hudud obodligiga befarq bo‘lmagan fuqarolarga o‘z minnatdorchiligini bildiradi.
Tuman hududida amalga oshirilayotgan har bir obodonlashtirish loyihasi aholimizning turmush darajasini yaxshilash va tuman ko‘rkiga ko‘rk qo‘shishga xizmat qiladi.
