Korrupsiyaga oid jinoyatlar va ular uchun belgilangan jazolar
2026-03-27 18:35:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda korrupsiya jamiyat taraqqiyotiga jiddiy to‘siq bo‘layotgan, davlat boshqaruvi samaradorligini pasaytirayotgan hamda fuqarolarning adolatga bo‘lgan ishonchini susaytirayotgan eng dolzarb muammolardan biridir. Shu bois mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasiga muvofiq, korrupsiya — shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy yoki boshqalar manfaatini ko‘zlab, moddiy yoxud nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, shuningdek bunday nafni noqonuniy taqdim etishidir.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik belgilangan.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 193¹-moddasiga binoan, mansabdor shaxsga uning xizmat mavqeidan foydalanib muayyan harakatni bajarishi yoki bajarmasligi evaziga moddiy qimmatliklar berish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, mazkur kodeksning 193²-moddasiga ko‘ra, mansabdor shaxs tomonidan pora olish, ya’ni moddiy qimmatliklarni qabul qilish yoki mulkiy manfaatdor bo‘lish ham xuddi shunday miqdorda jarimaga sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 210-moddasiga asosan, mansabdor shaxsning pora olishi — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha jarima yoki muayyan huquqdan mahrum etilgan holda besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Agar ushbu jinoyat takroran, juda ko‘p miqdorda yoki uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, aybdor o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Jinoyat kodeksining 211-moddasida esa pora berish jinoyati uchun ham qat’iy javobgarlik belgilangan bo‘lib, bunday harakatlar o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan baholanadi.
Ta’kidlash lozimki, korrupsiyaga oid jinoyatlar bo‘yicha ishlar sudlar tomonidan har tomonlama, xolis va adolatli ko‘rib chiqiladi hamda aybdor shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlanadi.
Xulosa qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi kurashishda nafaqat davlat organlari, balki har bir fuqaroning huquqiy ongi va mas’uliyati muhim ahamiyat kasb etadi. Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, qonunlarga hurmat ruhini kuchaytirish orqali biz barqaror rivojlanish va xalq farovonligiga erishamiz.
Azimjon Akbarov
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kitob tumani sudi raisi
