Kitob tumani hokimi Rustam Abdirasulovich Gafurovning 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan tuman ahliga bayram TABRIGI
2026-03-07 22:00:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum qadrli onaxonlar, muhtarama opa-singillar va dilbar ayollar!
Sizlarni 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.
Ayol – muqaddas oila qo‘rg‘onining tayanchi, jamiyatimiz taraqqiyotining muhim omili, mehr-muhabbat va sadoqat timsolidir. Yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek: “Ayol baxtli bo‘lsa – oila baxtli, oila baxtli bo‘lsa – jamiyat mustahkam bo‘ladi.” Mazkur tamoyil asosida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimi yaratildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritayotganlarning qariyb 30 foizini, tadbirkorlik subyektlari rahbarlarining esa 35 foizdan ortig‘ini ayollar tashkil etmoqda. Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning qariyb yarmi xotin-qizlardir. So‘nggi yillarda minglab ayollarga imtiyozli kreditlar ajratilib, ularning o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishiga keng imkoniyatlar yaratildi.
Tumanimiz miqyosida ham xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan:
- Tumandagi jami aholining 143 807 nafarini xotin-qizlarimiz tashkil etadi.
- Ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagoglarning 66,3 foizi ayollardir.
- Tibbiyot muassasalarida ishlaydigan jami 3680 nafar xodimlarning 3315 nafari, ya’ni 90 foizi xotin-qizlardan iborat.
- Tumanimizda hozirgi kunda 55 ta mahalla bo‘lib, ushbu mahallalarda 37 nafar xotin-qizlar faollari biriktirilgan. Ushbu mahallalardagi 75 782 ta oilalarni obod etib turganlar ham aynan siz muhtarama xotin-qizlarimiz hisoblanasizlar.
O‘tgan davr mobaynida “Ayollar daftari” orqali 21 711 nafar xotin-qizlarga ko‘maklashildi. Shundan 14 281 nafarining bandligi ta’minlandi, 2938 nafari doimiy ishga joylashtirildi, 797 nafari vaqtinchalik jamoat ishlariga jalb etildi, 2529 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 843 nafariga subsidiya ajratilib band qilindi, 4370 nafari o‘z-o‘zini band qilish orqali tadbirkorlikka jalb qilindi.
Tumanda tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan 574 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarga 5 milliard 391 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi.
Moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilangan 6267 nafar xotin-qizlarga 5 milliard 347 ming so‘m miqdorda bir martalik moddiy yordam pullari berildi.
Uy-joyi ta’mirlanishi belgilangan 18 nafar xotin-qizlarning uy-joylari ta’mirlab berildi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan 22 nafar xotin-qizni davolanishi uchun “Ayollar daftari” jamg‘armasi hisobidan 72 million so‘m ajratilib, opa-singillarimizga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Tumanda 8720 nafar xotin-qizlarga tibbiy va psixologik yordamlar ko‘rsatilib, 30–65 yoshdagi 19 138 nafar xotin-qizlardan 8928 nafari onkoskrining tekshiruvidan o‘tkazildi.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda bo‘lgani kabi tumanimizda ham xotin-qizlarimiz doimiy e’tiborimizda va bu boradagi ishlarimizni bu yil yana-da izchil davom ettiramiz.
Bugungi kunda tumanimiz xotin-qizlari ta’lim, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, madaniyat va sport sohalarida samarali mehnat qilib, hududimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqdalar. Sizlarning tashabbuskorligingiz, fidoyiligingiz va mas’uliyatingiz barchamiz uchun ibratdir.
Aziz ayollar!
Sizlar oilada farzand tarbiyasi, jamiyatda esa barqarorlik va totuvlikni ta’minlashda beqiyos o‘rin tutasiz. Har bir xonadondagi fayz, mehr va tarbiya maskani aynan sizlarning borligingiz bilan chambarchas bog‘liqdir.
Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, oilaviy baxt-saodat, ishlaringizda muvaffaqiyat va xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. Ezgu niyatlaringiz amalga oshsin, doimo e’zoz va ehtiromda bo‘ling!
Yana bir bor bayramingiz muborak bo‘lsin!
