Kitob tumani Fermerlari Kengashining fermer va dehqonlarga MUROJAATI
2026-02-26 09:30:00 / Yangiliklar

Hurmatli fermer va dehqonlar!
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini samarali rivojlantirish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishni tashkil etish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biridir. Shu maqsadda ariqlar va zovurlarni tozalash hamda betonlashtirish, dala chetlaridan samarali foydalanish, ko‘chat va qo‘shimcha qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish orqali dala madaniyatini yuksaltirish dolzarb masalaga aylandi.
Davlatimiz rahbarining 2026 yil 16 fevraldagi “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturida ariqlar va zovurlarni betonlashtirish, dala chetlaridan samarali foydalanish vazifalari alohida belgilab berilgan.
Jumladan, Respublika bo‘yicha 1,3 ming kilometr yirik magistral kanallar, sug‘orish tarmoqlari, ariqlar va zovurlarni betonlashtirish, ochiq drenaj va kollektorlarni yopiq tizimga o‘tkazish bo‘yicha alohida dasturlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Hurmatli fermerlar!
Shu munosabat bilan Sizlarni quyidagi vazifalarni amalga oshirishga chaqiramiz:
Birinchidan, fermer xo‘jaligingizdagi ichki ariqlar va zovurlarni qayta ko‘zdan kechirib, ularni tozalash hamda zarur qismini betonlashtirish hajmini belgilab oling. Dala chetlariga mevali va manzarali ko‘chatlar ekish rejasini ishlab chiqing.
Ikkinchidan, 10 kun muddat ichida ichki ariqlar va zovurlarni tozalash ishlarini tashkil eting hamda betonlashtirish ishlarini boshlang.
Uchinchidan, dala chetlaridan samarali foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (oshqovoq, kartoshka, sabzavot va poliz ekinlari)ni ekish orqali qo‘shimcha daromad manbaini yarating.
To‘rtinchidan, har bir fermer 100–150 tupdan mevali va manzarali ko‘chat ekishni tashkil etsin.
Beshinchidan, ko‘chat va nihollar masalasida quyidagi tashkilotlar xizmatlaridan foydalaning:
-
Quva tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazi tomorqa xizmati MChJ
-
Yangiyo‘l tomorqachilikni rivojlantirish milliy markazi
-
Jomboy ko‘chatchilik tomorqa xizmatlari MChJ
Oltinchidan, O‘zbekiston Fermerlari Kengashi huzuridagi jamg‘arma tomonidan ajratiladigan aylanma mablag‘ va kredit resurslaridan unumli foydalaning.
Yettinchidan, ekilgan ekin va ko‘chatlarni zararkunanda hasharotlardan himoya qilish maqsadida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi biolaboratoriyalari xizmatlaridan foydalaning, biopreparatlar va mineral o‘g‘itlar bilan o‘z vaqtida ishlov bering.
Hurmatli fermer va dehqonlar!
Sizlarni Davlatimiz rahbarining yuksak ishonchini oqlashga, mamlakatimiz ravnaqi va farovonligiga munosib hissa qo‘shish maqsadida ariqlar va zovurlarni tozalash, dala madaniyatini yo‘lga qo‘yish, dala chetlariga ko‘chat va qo‘shimcha qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish orqali qo‘shimcha daromad manbaini yaratishga chorlaymiz.
Bu ishlar nafaqat xo‘jaligingiz rivojiga, balki mamlakatimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi.
Qadrli fermer va dehqonlar!
Bugungi kun qishloq xo‘jaligida yangi yondashuv, yuksak mas’uliyat va amaliy harakatni talab etmoqda. Yer — boyligimiz, suv — hayot manbai. Ularni asrash va samarali foydalanish har birimizdan faollik va tashabbuskorlikni talab qiladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan ustuvor vazifalarga muvofiq, ariqlar va zovurlarni betonlashtirish, suv yo‘qotilishining oldini olish, dala chetlaridan samarali foydalanish orqali qo‘shimcha daromad manbaini yaratish — bugungi kunning muhim vazifasidir.
Unutmang! Obod dala — barakali hosil!
Ko‘chat ekish — kelajak sari sarmoya!
Kitob tumani Fermerlari Kengashi
