Nukusda giyohvandlik mahsulotini saqlagan ayolga jarima jazosi tayinlandi
2026-03-31 16:30:00 / Yangiliklar

Aniqlanishicha, Nukus shahrida yashovchi G.Q IIB xodimlari tomonidan tekshirilgan. Tekshiruv davomida uning yonidan “Spichki” yozuvli gugurt qutisi topilib, uning ichida 0,02 gramm “marixuana” moddasi borligi aniqlangan.
Mazkur modda ashyoviy dalil sifatida olingan va ekspertizaga yuborilgan. 2025-yil 17-apreldagi sud-kimyo ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, topilgan modda tarkibida giyohvandlik faol komponenti – tetragidrokannabinol mavjud bo‘lib, u “marixuana” ekani tasdiqlangan.
Sud majlisida G.Q o‘z aybini to‘liq tan olib, qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirgan hamda boshqa bunday holat takrorlanmasligini aytgan.
Sud uning harakatlarini O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 56-moddasi bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qildi. Shuningdek, huquqbuzarning ilgari javobgarlikka tortilmagani, oilali ekani va to‘rt farzandning onasi ekani, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgani inobatga olinib, unga modda sanksiyasida nazarda tutilgan jarima jazosi tayinlandi.
Z.Bayımbetova,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jayli tumani sudi tergov sudyasi
