“El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati, Kegeylichi qiz Yevropa parlamentida stajirovka oʻtadi
2026-01-10 14:30:00 / Yangiliklar

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati, Glazgo universiteti magistranti, Kegeylichi Nursulyu Kokanova Yevropa parlamentida Taʼlim siyosati yoʻnalishi boʻyicha bir oylik stajirovka oʻtadi.
Stajirovka davomida Nursulyu Yevropa Ittifoqining taʼlim siyosatini shakllantirish va amalga oshirish jarayonlari haqida atroflicha tasavvur hosil qildi. Yevropa Ittifoqining taʼlim, yoshlar va madaniyat sohasidagi ustuvor yoʻnalishlari, Yevropa parlamentining institutsional tuzilishi, shuningdek, milliy darajadan yuqori boʻlgan siyosiy qarorlar qabul qilish mexanizmlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Bir oy davomida Nursulyu Kokanova Yevropa parlamentining turli boʻlinmalari vakillari va yetakchi mutaxassislar bilan uchrashuvlarda ishtirok etdi. Xususan, Isabelle Garcia Tamara bilan FEMM qoʻmitasini qoʻllab-quvvatlovchi siyosiy departament faoliyati, Jean-Francois Hynderick bilan Yevropa hisob palatasi tomonidan taʼlim dasturlarini moliyaviy nazorat qilish, Christiaan Van Lierop bilan Yevropa parlamentining tadqiqot xizmati (EPRS) tahliliy va ilmiy-tadqiqot ishlari boʻyicha mazmunli muhokamalar oʻtkazildi.
Shuningdek, Elodie Carmona, Katharina Vinson, Joanna Apap hamda Mariusz Maciejewski bilan uchrashuvlar doirasida Yevropa Ittifoqining taʼlim siyosatining huquqiy, institutsional va amaliy jihatlari batafsil koʻrib chiqildi.
Amaliyot doirasida Nursulyu Kokanova Erasmus+ dasturi, yoshlar siyosati, taʼlimda tenglik va inklyuziya, shuningdek, raqamli muhitda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash masalalariga bagʻishlangan tadbir va muhokamalarda faol ishtirok etdi.
Mazkur amaliyot stipendiatning xalqaro taʼlim siyosati sohasidagi professional salohiyatini oshirish, Yevropa tajribasini chuqur oʻrganish hamda kelgusida taʼlim sohasida samarali tashabbuslarni ilgari surish uchun mustahkam amaliy asos boʻlib xizmat qildi.
