AnchorKATTAQO‘RG‘ONDA SUV TIZIMI TAKOMILLASHMOQDA: TARIX VA TARAQQIYOT UYG‘UNLIGI
2026-10-27 19:50:00 / Yangiliklar

KATTAQO‘RG‘ONDA SUV TIZIMI TAKOMILLASHMOQDA: TARIX VA TARAQQIYOT UYG‘UNLIGI
Tarix — bugungi taraqqiyotning mustahkam poydevoridir. Kattaqo‘rg‘on shahrining suv ta’minoti tarixi ham o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan asrning 40-yillarida ham shahar guzarlarida hovuzlar mavjud bo‘lib, aholi Zarafshon daryosidan oqib kelgan suvdan foydalangan. 1950-yillarga kelib esa shahar aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida markaziy ko‘chalar va ishlab chiqarish korxonalariga dastlabki suv quvurlari yotqizilib, markazlashgan ichimlik suvi tizimiga asos solingan.
Kattaqo‘rg‘on suv ta’minoti tarixida yana bir muhim voqea — O‘zbekistonda birinchi qurilgan suv ombori, ya’ni Kattaqo‘rg‘on suv omborining barpo etilishidir. Bepoyon suv sathi va ulkan ko‘lami tufayli u xalq orasida «O‘zbek dengizi» nomi bilan ham mashhur.
Bugun esa Kattaqo‘rg‘onda suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, zamonaviy infratuzilmani barpo etish va aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 10 martdagi PQ-159-son qarori asosida amalga oshirilayotgan, qiymati 66 million AQSh dollarini tashkil etuvchi loyiha doirasida suv inshootlarini rekonstruksiya qilish, yangi suv tarmoqlarini barpo etish hamda «Boynazar» hududida kuniga 20 ming kub metr oqova suvni tozalash quvvatiga ega inshoot qurish ishlari olib borilmoqda.
Loyiha to‘liq amalga oshirilishi natijasida shahar aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 71,6 foizdan 91,2 foizga, oqova suv xizmatlari bilan qamrovi esa 29,8 foizdan 72 foizga yetkaziladi. Mazkur loyiha shahar infratuzilmasini yanada yaxshilash, aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish va sanitariya-epidemiologik holatni yaxshilashga xizmat qiladi.
Shahrimizda bo‘lgan Jahon banki vakillari va ekspertlari, tegishli mas’ullar hamrohligida «Ko‘rpa», «Ingichka» va «Sepki» suv inshootlari, shuningdek, «Boynazar» oqova suvlarni tozalash inshootida bo‘lib, amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Shundan so‘ng missiya a’zolari «Samarqand Suv ta’minoti» korxonasining Kattaqo‘rg‘on shahar filiali hududida yangidan barpo etilgan suv sifatini nazorat qilish laboratoriyasiga tashrif buyurdilar.
Zamonaviy talablar asosida qurilib, zarur uskunalar bilan jihozlangan laboratoriyadagi sharoitlar bilan tanishuv jarayonida suv sifatini tekshirish va nazorat qilish uchun yaratilgan imkoniyatlar ko‘zdan kechirildi.
Mazkur laboratoriya shahar aholisiga yetkazib berilayotgan ichimlik suvining sifat ko‘rsatkichlarini muntazam nazorat qilish, uning belgilangan talablarga muvofiqligini baholash hamda aholi salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu loyiha suv ta’minoti tizimining imkoniyatlarini kengaytirish, xizmatlar sifatini oshirish va zamonaviy infratuzilmani shakllantirishga xizmat qiladi.









