Pillakorlarlarning bahorgi xirmonlari to‘lmoqda
2025-05-22 19:40:00 / Yangiliklar

Xonadonlarda ipak qurti boqib, pilla yetishtirish azaldan xalqimizning asosiy mehnat mashg‘uloti, daromad manbaidan biri bo‘lib kelgan. Hozirgi kunda yurtimiz pilla yetishtirish va ipak tolasi ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda Xitoy va Hindistondan keyin uchinchi o‘rinda turadi.
Bugun ota-bobolaridan qolgan ana shu an’anani ishtiyoq bilan davom ettiruvchilar soni ortib borayotgani bejiz emas. Boisi, so‘nggi yillarda yurtimizda ipakchilik va pillachilik tarmog‘ini rivojlantirishga e’tibor ortmoqda. Natijada tarmoqda aholini ish bilan ta’minlash hamda sifatli pilla yetishtirish ko‘rsatkichi yildan-yilga o‘sib boryapti.
Xususan, Kasbi tumani Oqqamish mahallasida istiqomat qilayotgan Shohista Normo'minova 27 yildirgi o‘z xonadonida ipak qurti parvarishlab, davlatga pilla yetishtirib berish bilan bir qatorda o‘z mahallasidagi bir nechta xotin-qizlarni ham ish bilan band qilib kelmoqda.
— "Pilla yetishtirish sir-asrorlarini qaynonamdan o'rganganman. Ushbu mehnatimizdan faxrlanamiz, qo'ni-qo'shni ayollar bilan birgalikda tayyor bo'lgan pillani terib olayapmiz. Mehnatimiz ortidan farzandlarimizni o'qityapmiz, to'ylar qilyapmiz. Mavsum avvalida 12 quti ipak qurti olgan edik, shundan 1 tonna tayyor pillani davlatimiz xirmoniga topshirishni reja qilib turibmiz," — deydi Shohista Normo'minova.
Pillachilik mamlakat iqtisodiyotida ham katta ahamiyat kasb etadi. Shu sababli ham mamlakatimizda pillachilikni rivojlantirishga davlat tomonidan katta e’tibor qaratilmoqda. Pillani qayta ishlash sohasida ko‘plab yangiliklar joriy etilib, bu o‘z navbatida mahsulotlarning xalqaro bozorlarda raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.









