Jamiyat kushandasi — korrupsiyaga qarshi kurashish har birimizning burchimiz
2026-10-30 15:00:00 / Korrupsiyaga qarşi kuraş

Korrupsiya shunday baloki, u bor joyda sog‘lom raqobat yo‘qoladi, malakali kadrlar chetda qolib, tanish-bilishchilik va mahalliychilik avj oladi. Tadbirkorlik rivojlanmaydi, xorijiy investorlar esa bunday muhitdan o‘zini uzoq tutadi. Oqibatda oddiy xalq jabr ko‘radi, ijtimoiy tengsizlik chuqurlashadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga chek qo‘yish bo‘yicha ko‘plab tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining tashkil etilishi hamda «komplayens-nazorat» tizimining joriy etilishi ushbu yo‘nalishdagi muhim qadamlar bo‘ldi. Biroq, faqat qonunlar yoki jazo choralari bilangina bu illatni butunlay ildizi bilan sug‘urib tashlash qiyin.
Korrupsiyaga qarshi kurashda nafaqat huquq-tartibot organlari, balki keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari va har bir fuqaro faol bo‘lishi shart. Qachonki jamiyatda korrupsiyaga nisbatan «murosasizlik» madaniyati shakllansa, odamlar pora berishni ham, pora olishni ham o‘zlariga or deb bilsalargina ko‘zlangan natijaga erishish mumkin.
Bugun ochiqlik va shaffoflik zamoni. Har bir davlat organining faoliyati xalq ko‘z o‘ngida bo‘lishi kerak. Bu borada OAV va blogerlarning ham roli katta bo‘lmoqda. Kamchiliklar, tamagirlik holatlari jamoatchilik e’tiboriga havola etilishi mutasaddilarni mas’uliyatliroq bo‘lishga undayapti.
Illatning oldini olishning eng to‘g‘ri yo‘li — yosh avlod qalbida unga nisbatan nafrat tuyg‘usini shakllantirishdir. Oiladan, maktabdan boshlab farzandlarimizga halollik, mehnatsevarlik va adolat tushunchalarini singdirishimiz zarur. Birovning haqiga ko‘z olaytirmaslik, o‘z bilimi va kuchi bilan muvaffaqiyatga erishish eng oliy qadriyat ekanligini anglatish lozim.
Korrupsiyaga qarshi kurash — bu shunchaki kampaniya yoki vaqtinchalik tadbir emas. Bu kelajak avlodlarimizning farovon hayoti, yurtimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori uchun olib borilayotgan uzluksiz kurashdir.
Biz korrupsiyani yengsakkina, kuchli, adolatli va taraqqiy etgan davlatni barpo eta olamiz. Buning uchun esa har birimiz bugun, ayni shu daqiqadan boshlab o‘z dunyoqarashimizni o‘zgartirishimiz, loqaydlik va beparvolikka chek qo‘yishimiz shart.
Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani bo‘limi boshlig‘i E. Ergashev.
