Kasbi tumanida “Prezident Olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalari g‘oliblari taqdirlandi
2026-04-07 14:15:00 / Yangiliklar

Mazkur musobaqalar 13–14 yoshli sportchilar, badiiy gimnastika yo‘nalishida esa 11–12 yoshli qizlar o‘rtasida tashkil etilib, 21 ta Olimpiya sport turi bo‘yicha 205 ta dastur asosida o‘tkazilishi belgilangan.
Shu munosabat bilan Kasbi tumani Sport maktabida musobaqaning bir necha sport turlari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda yosh sportchilarning erishgan yutuqlari e’tirof etilib, ularga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ma’lum qilinishicha, musobaqaning birinchi bosqichi — "Tuman hokimi olimpiadasi" doirasida bellashuvlar 13 ta sport turi bo‘yicha o‘tkazilmoqda. Bugungi kunga qadar dzyudo, taekvondo (WTF), basketbol, voleybol, gandbol, yunon-rum kurashi, erkin kurash, ayollar kurashi, boks, yengil atletika hamda stol tennisi kabi sport turlarida musobaqalar tashkil etilib, ularda 800 nafardan ortiq yoshlar qamrab olindi.
Natijalarga ko‘ra, 600 nafardan ortiq yosh sportchilar turli darajadagi mukofotlar bilan taqdirlandi. Shuningdek, 110 nafar iqtidorli sportchilar keyingi — viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Ayni paytda musobaqa davom etmoqda, badminton hamda badiiy gimnastika sport turlari bilan yakuniga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Mazkur sport tadbirlari yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, ularning jismoniy salohiyatini oshirish hamda iqtidorli sportchilarni saralab olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.









